AQSh prezidenti Donald Tramp Yaman kuchlarining Saudiya Arabistoni aeroportlariga bergan zarbalariga munosabat bildirib, hujumlarni «dahshatli» deb atadi. Biroq u hozircha Vashingtonning harbiy aralashuvi haqida aniq bayonot bermadi. Bu haqda «Tasnim» agentligi xabar berdi.
Tramp AQSh Yamanning «Ansorulloh» harakati bilan hali ham aloqada ekanini ta’kidlab, vaziyat qanday rivojlanishini kutish kerakligini aytdi.
Amerika prezidenti Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan hali suhbatlashmaganini, ammo u bilan bog‘lanish niyati borligini ham ma’lum qildi.
Jurnalistlarning AQSh Yamandagi mojaroga aralashishni rejalashtirayotgani haqidagi savoliga javoban Tramp Saudiya Arabistoni o‘zini himoya qilishga qodirligini ta’kidladi.
Uning bayonoti Vashingtonning Yamandagi mojaroga bevosita harbiy aralashuvdan tiyilish pozisiyasi bilan bog‘liq deb baholanmoqda.