Donald Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi masalasini ko‘targanini ma’lum qildi. Trampning ta’kidlashicha, Putin avval ham G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishni uddalagan va bu borada «professional» hisoblanadi.
«Biz sanksiyalar haqida ko‘p gaplashdik. U [Putin] ulardan mamnun deb ayta olmayman. U ular bilan kurashishni uddaladi, lekin bu [yangi sanksiyalar] ancha qat’iyroq bo‘ladi. U ular qo‘llanilishi mumkinligini tushunadi. U professional», — dedi Tramp Air Force One bortida jurnalistlarga.
Prezident Tramp shuningdek, Rossiyaga nisbatan Eron yoki boshqa davlatlarga qaraganda ancha qattiq siyosat yuritayotganini urg‘uladi. Shu bilan birga, u AQSh Ukrainaga Patriot tizimi uchun raketalar yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirdi. «Ularga [Patriot raketalari] himoya uchun kerak. Ularga yana boshqa narsalar ham kerak, chunki ularga jiddiy zarbalar berilmoqda», — dedi Tramp.
Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan 4 iyul kuni telefon orqali suhbatlashganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbatda Ukraina havo himoya tizimini yanada kuchaytirish va ikki davlat mutasaddilari uchrashuvini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Tramp Putin bilan suhbatdan so‘ng uning o‘t ochishni to‘xtatish istagi yo‘qligidan qattiq norozi bo‘lganini qayd etdi. «U [Putin] oxirigacha borishni va odamlarni o‘ldirishni davom ettirishni xohlayapti», — dedi Tramp.
The New York Times nashrining yozishicha, bu muloqotlar AQShning Ukrainaga qurol yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatgani fonida bo‘lib o‘tdi. Xususan, Patriot tizimi uchun raketalar yetkazib berish to‘xtatilgan. NBC News ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qaror AQSh arsenallari holatini tekshirish natijalariga asoslangan. Kiyevda esa bu qadam AQSh tomonidan urushni to‘xtatish masalasida imtiyozlar so‘rash uchun bosim sifatida baholanmoqda.