AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinni Ukrainadagi urushni to‘xtatishga ko‘ndira olishiga shubha qila boshladi. Bu haqda qator G‘arb matbuot nashrlari yozmoqda.
So‘nggi vaqtlarda Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasida katta va’dalar bergan Tramp Putinni muzokara orqali murosa yo‘liga sola olmasligiga ko‘zi yetgan ko‘rinadi.
Axios nashriga ko‘ra, Oq uy rahbari o‘z maslahatchilariga Putinning tinchlik muzokaralari bo‘yicha niyat-maqsadini noto‘g‘ri baholaganini tan olgan.
Tramp Ukrainada urushni to‘xtatmasa, Rossiyaga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilishini aytib kelmoqda.
Kuni kecha u Truth Social tarmog‘idagi rasmiy sahifasida AQSh Rossiyaga qarshi qaqshatqich sanksiyalar joriy etishga tayyor ekani, ammo buning uchun NATO davlatlari ham shunday chora ko‘rishi hamda Rossiya neftini sotib olishni bas qilishi kerakligi haqida post chop etdi.
“Bu Trampning emas (men prezident bo‘lganimda bu urush boshlanmagan bo‘lardi!), balki Bayden va Zelenskiyning urushidir. Men faqat uni to‘xtatish va minglab rossiyalik hamda ukrainaliklar hayotini saqlab qolishga urinmoqdaman. (Birgina o‘tgan haftada 7118 kishi o‘ldi. Ahmoqlik!) Agar NATO men aytgandek yo‘l tutsa, urush juda tez yakunlanadi va odamlar hayoti saqlab qolinadi. Aks holda, siz mening vaqtimni, shuningdek, AQShning vaqti, energiyasi va pulini bekorga sarflagan bo‘lasiz”, – deb yozgan Tramp.
Tramp 14 sentyabr kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ham agar Yevropa AQSh kabi harakat qilsa, Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishini ta’kidladi.
“Evropa Rossiyadan neft sotib olmoqda. Men ular neft xarid qilishini istamayman. Ular joriy etayotgan sanksiyalar ham u qadar keskin emas. Men sanksiyalar joriy etmoqchiman, ammo ular ham mening harakatlarimga muvofiq ravishda o‘z sanksiyalarini kuchaytirishi kerak”, – degan AQSh rahbari.
Prezidentlik saylovi davrida Rossiya – Ukraina urushini 24 soat ichida tugatishga va’da bergan Tramp Oq uyga kelganidan buyon Putin bilan bir necha bor telefonda suhbatlashdi.
Bunga ham qanoat qilmagan respublikachi siyosatchi joriy yil 15 avgust kuni Putin bilan Alyaska shtatida uchrashdi. Ikki davlat rahbari ishtirokidagi qariyb 3 soatlik muzokara amaliy natijasiz yakunlandi. Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish borasida jillaqursa muvaqqat kelishuvga ham erishilmadi.
Prezident Tramp rossiyalik hamkasbi bilan muzokarani ijobiy baholadi. U hatto Fox News telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan uchrashuvga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘yishini aytib maqtandi. Ammo aksar tahlilchilar Alyaskadagi uchrashuv amaliy natija bermagani holda Putinga katta ochko keltirdi deb hisoblaydi. Umuman, Alyaska sammiti Oq uyning mag‘lubiyati, Kremlning g‘alabasi o‘laroq talqin qilindi.
Trampning “Putin aqldan ozibdi!”, “Putindan hafsalam pir bo‘ldi” qabilidagi ogohlantirishlari esa Rossiya rahbariga ta’sir etmayotgani aytilmoqda.