AQSh prezidenti Donald Tramp 22–23 noyabr kunlari Janubiy Afrikada o‘tkazilishi rejalashtirilgan G20 sammitidan chiqishini e’lon qildi.
Mayamida bo‘lib o‘tgan Amerika biznes forumida so‘zga chiqqan Tramp Yoxannesburgdagi sammitda ishtirok etmasligini tasdiqladi.
“Janubiy Afrika G20 guruhiga kirmasligi kerak”, — dedi Amerika yetakchisi.
Tramp Janubiy Afrikada “qator voqealar” bo‘layotganini va ularni “hech qachon ma’qullamaganini” ta’kidladi, ammo qaysi voqealarni nazarda tutganini aniq aytmadi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil may oyida Tramp Oq uyda Janubiy Afrika prezidenti Kiril Ramafosani qabul qilgan edi. Ushbu uchrashuvda AQSh rahbari Janubiy Afrika hukumatini mamlakatdagi oq tanli aholiga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olmayotganlikda ayblagan.
Prezident Ramafosa esa bunga javoban, hukumat mamlakatdagi yuqori darajadagi jinoyatchilikni nazorat qilish uchun choralar ko‘rayotganini, “faqat oq tanlilar jinoyat qurboni bo‘lmoqda” degan da’volarni esa qat’iy rad etganini ma’lum qilgan.