AQSh prezidenti Donald Tramp Nigeriyada nasroniylarning ommaviy tarzda o‘ldirilishini keskin qoralab, bu holat davom etishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Uning aytishicha, Nigeriyaga nisbatan “turli harbiy variantlar” ko‘rib chiqilayotgani mumkin.
Floridadan Vashingtonga parvoz vaqtida jurnalistlar savollariga javob bergan Tramp, Nigeriyaga zarba berish ehtimoli haqida so‘ralganda “har narsa bo‘lishi mumkin”, deb javob berdi. “Men ko‘p narsalarni tasavvur qila olaman”, — dedi u.
Tramp 31 oktyabr kuni Truth Socialdagi sahifasida Nigeriyada “nasroniylarning ommaviy o‘ldirilishi”ni tanqid qilib, mamlakatni “alohida tashvishli davlat” deb atadi. Keyinchalik u AQSh yordamini to‘xtatish va hatto harbiy zarba berish ehtimolini ham tilga oldi.
Shuningdek, Tramp Venesuelaga nisbatan ham “maxfiy rejalar” borligini ta’kidlab, “bu haqda ochiq gapirish kerak emas”, dedi.