AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social tarmog‘ida Kanada, Meksika, Grenlandiya, Islandiya, Markaziy Amerika va Karib hududlari AQSh bayrog‘i ranglarida tasvirlangan xaritani e’lon qildi. Xarita ustiga «United States of America» deb yozilgan. Tramp postga qo‘shimcha izoh bermagan.
Post ayniqsa Islandiyada keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Torgerdyur Katrin Gunnarsdottir AQSh elchisi Billi Longni TIVga chaqirib, xaritani «mutlaqo nomaqbul» deb baholadi.
Tramp avval ham Kanadani AQShning «51-shtati» sifatida tilga olgan va Grenlandiyani AQSh nazoratiga olish g‘oyasini bir necha bor bildirgan edi. Daniya rasmiylari esa Grenlandiya aholisi AQSh tarkibiga kirishni istamasligini ta’kidlab kelmoqda.
So‘nggi haftalarda Tramp geografik nomlarni o‘zgartirish bo‘yicha ham bir qator tashabbuslar bilan chiqqan. Avgust oxirida u AQSh federal idoralari uchun Ontario ko‘lini «Amerika ko‘li» deb atash haqida farmon imzoladi. Bu nom Kanada uchun majburiy emas.
Shuningdek, Tramp Nyu-Meksiko shtatini «Yangi Amerika» deb qayta nomlash g‘oyasini ilgari surdi. Biroq AQSh prezidenti shtat nomini mustaqil ravishda o‘zgartirish vakolatiga ega emas.
Bundan tashqari, u Ho‘rmuz bo‘g‘ozini «Tramp bo‘g‘ozi» deb atash taklifini ham bildirgan, keyinchalik esa bu g‘oyaga jiddiy qaramayotganini ishora qilgandi.