21 may kuni Oq uyning Oval kabinetida AQSh prezidenti Donald Tramp va Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa o‘rtasida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda do‘stona boshlangan suhbat JARdagi oq tanli yer egalarining ahvoli haqidagi qizg‘in muhokamaga aylanib ketdi.
Uchrashuv davomida Tramp Janubiy Afrikani "oq tanli fermerlarga qarshi genosid"da ayblab, buni tasdiqlagan fotosuratlar va videolarni ko‘rsatgan.
"Odamlar o‘z hayotlaridan qo‘rqib Janubiy Afrikadan qochmoqda. Ularning yerlari tortib olinmoqda, ko‘p hollarda o‘ldirilmoqda", — deya ta’kidladi Tramp.
Janubiy Afrika hukumati bu da’volarni qayta-qayta rad etib, mamlakatdagi jinoyatchilikning yuqori darajasi butun aholiga ta’sir qilishini va qurbonlarning katta qismi Tramp ta’kidlaganidek oq tanlilar emas, qora tanlilar ekanligini bildirdi.
Euronews'ning yozishicha, uchrashuv Janubiy Afrikada irqchilik tizimining iqtisodiy merosini hal qilish maqsadida ayrim hollarda kompensasiyasiz yerlarni davlat ixtiyoriga tortib olishga ruxsat beruvchi munozarali qonunni qabul qilganidan keyin AQSh va JAR o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi.
Tramp bu siyosatni keskin tanqid qilib, uni "oq tanlilarga qarshi diskriminasiya" shakli deb atagan. U Janubiy Afrikadagi oq tanlilar, ayniqsa, fermerlar zo‘ravonlik va izolyasiyaga uchraganini bir necha bor ta’kidlagan. Tramp Qo‘shma Shtatlarning JARga bir qator yordam dasturlarini moliyalashtirini to‘xtatgan. Shu bilan birga, Pretoriya hukumati yerlarni musodara qilayotganiga to‘xtalgan va joriy siyosat davom etsa, noyabr oyida Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitini boykot qilish bilan tahdid qilgan.
O‘z navbatida, Janubiy Afrika rasmiylari Tramp ma’muriyatini mamlakatdagi oq tanli ozchilikning “hikoyasidan” Pretoriyaning Xalqaro Jinoiy sudidagi Isroilning G‘azo sektoridagi huquqbuzarliklariga doir pozisiyasini buzish uchun foydalanganishda ayblamoqda.