AQSh prezidenti Donald Tramp “Men inflyasiyadan juda xursandman” degan so‘zlari ortidan izoh berib, uning bayonoti noto‘g‘ri talqin qilinganini aytdi.
AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida mamlakatda iste’mol narxlari yillik hisobda 4,2 foizga oshgan. Bu so‘nggi uch yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Aprel oyida esa inflyasiya 3,8 foizni tashkil etgan edi.
Ekspertlar narxlar o‘sishining asosiy omillaridan biri sifatida Eron atrofidagi harbiy keskinlik fonida energiya resurslari qimmatlashganini ko‘rsatmoqda.
Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Tramp:
“Menga bu juda yoqdi. Raqamlar ajoyib. Bilasizmi, men nimani yaxshi ko‘raman? Men inflyasiyani yaxshi ko‘raman”, — degan edi.
Bu bayonot jamoatchilik va iqtisodchilar orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik Tramp New York Postga bergan izohida uning so‘zlari kontekstdan uzib olinganini ta’kidladi.
“Men inflyasiyaning o‘zidan emas, inflyasiya ko‘rsatkichlaridan mamnunman. Raqamlar kutilganidan ancha yaxshi chiqdi. Hatto urush sharoitida ham ko‘rsatkichlar prognozlardan past bo‘lmoqda”, — dedi AQSh rahbari.
Trampning fikricha, Eron bilan bog‘liq mojaro tugagach, neft narxlari pasayadi va bu inflyasiyaning ham sekinlashishiga olib keladi.
“Bu mojaro yakunlangach, neft narxlari avvalgi darajaga qaytganini ko‘rasiz. Shunda iqtisodiy ko‘rsatkichlar urush boshlanishidan oldingi darajadan ham yaxshiroq bo‘ladi”, — dedi u.
Shu tariqa, Tramp o‘zining bahslarga sabab bo‘lgan bayonotida inflyasiyaning o‘sishini emas, balki iqtisodiy ma’lumotlar kutilganidan yaxshi chiqqanini nazarda tutganini ta’kidladi.