Tramp shuningdek, "g‘alaba" e’lon qilish imkoniyatini saqlab qolishni ham o‘ylamoqda, deb yozdi Time.
Jurnalning yozishicha, Tramp "g‘alaba" e’lon qilish imkoniyatini saqlab qolgan holda, Eron bilan urushni tezkor yakunlash yo‘llarini izlayapti.
Nashrga ko‘ra, zamonaviy tarixdagi eng yirik neft inqirozi boshlanganidan bir oy o‘tib, global iqtisodiy o‘sish prognozlari keskin pasaymoqda, Yevropa va Osiyoda tanqislik yuzaga kelib, energiya treyderlari esa dunyo hali oqibatlarning to‘liq og‘irligini his qilmaganidan ogohlantirmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining uzoq vaqt yopilishi jahon iqtisodiyotini inqirozga olib kelishi mumkin.
Jurnal ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp o‘z qo‘l ostidagilarga harbiy kampaniyani to‘xtatishni xohlayotganini aytdi. U oraliq saylovlar oldidan respublikachilarning pozisiyasiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan cho‘zilib ketgan nizodan xavfsiragan. Shu bilan birga, u amaliyot hal qiluvchi muvaffaqiyatga ega bo‘lishini istaydi. Uning ittifoqchilariga ko‘ra, prezident g‘alaba e’lon qilish, jangovar harakatlarni to‘xtatish va siyosiy zarar yanada jiddiy tus olguncha iqtisodiy vaziyat barqarorlashidan umid qilish yo‘lini izlayapti.
"Juda oz vaqt qoldi", — deydi administrasiyaning yuqori lavozimli mulozimi.
Time’ning yozishicha, Tramp uchun asosiy xavf shundaki, yaqin haftalarda harbiy kampaniyaning kuchaytirilishi chekinish yo‘llarini yaratishdan ko‘ra, ularni ko‘proq yopib qo‘yishi mumkin. Ichki muhokamalarda milliy xavfsizlik organlarining ayrim vakillari prezidentni urushning davom etishi Tehronni jilovlash o‘rniga, uning ambisiyalarini yanada oshirishi mumkinligidan ogohlantiradi.
"Administrasiya endi murakkab vazifaga duch kelayapti: juda kam natijaga erishildi degan taassurot qoldirmasdan, yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘lini topish lozim. Tramp tasavvur qilganidan ko‘ra, u ag‘darmoqchi bo‘lgan rejim o‘rniga barqarorroq va G‘arbga do‘stona voris rejim yaratish qiyinroq bo‘lib chiqyapti. Urush xuddi "ko‘rsichqonni ur" degan mash’um o‘yinni eslatmoqda", – deya ta’riflaydi administrasiya mulozimlaridan biri. Bunda zarbalar birin-ketin rahbarlarni hokimiyatdan chetlatib mulozimlar esa xarobalar ichidan paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan hayotiy muqobil qidirish bilan ovora", — deyiladi maqolada.
Nashrning yozishicha, AQSh ittifoqchilarining bir qismi urush davom etishi tarafdori. Isroil bosh vaziri Netanyaxu va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon umumiy dushmanni zaiflashtirish uchun noyob imkoniyat sifatida urushni cho‘zishga moyil. Lekin ular ham Tramp tomonidan belgilangan muddatlarga bog‘liq ekanliklarini tan olishadi.