AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika Polshaga qo‘shimcha 5000 nafar harbiy yuborishini bildirdi.
Bu qaror Pentagon avval rejalashtirilgan 4000 nafar askarni joylashtirishni bekor qilganidan bir hafta o‘tib e’lon qilindi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte mazkur qadamni olqishlab, Yevropa kelajakda AQShga kamroq qaram bo‘lish yo‘lidan davom etishini aytdi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bu qaror AQSh qo‘llab-quvvatlagan Polsha prezidenti Karol Navroskiy bilan munosabatlar bilan bog‘liqligini yozdi.
Biroq Amerika rahbari bu avvaldan rejalashtirilgan joylashtirish ekanini yoki yangi operasiya boshlanayotganini aniqlashtirmadi.
Polsha prezidenti Karol Navroskiy esa Trampga minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar hamkorlik, o‘zaro hurmat va umumiy xavfsizlikka tayanishini ta’kidladi.
“Men AQSh prezidenti Donald Trampga Polsha bilan do‘stligi va bugun amaliy ahamiyatini ko‘rib turgan qarorlari uchun minnatdorlik bildiraman”, — dedi u.
Mark Ryutte sammit arafasida NATO kuchliroq Yevropa va kuchliroq alyans sari harakat qilayotganini, bunda vaqt o‘tishi bilan AQShga bo‘lgan qaramlik kamayishini qayd etdi.