AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning eng yirik neft kompaniyalarini jahon bozorida neft narxlari oshgani ortidan ortiqcha foyda olayotganlikda tanqid qildi. Uning fikricha, Chevron va ExxonMobil yoqilg‘i narxlarini iste’molchilar uchun pasaytirishi kerak.
«Ular juda ko‘p pul ishlayapti. Bu menga yoqmaydi. Chevron — juda ko‘p pul ishlayapti. Exxon Mobil ham juda-juda ko‘p pul ishlayapti», — dedi Tramp Oq uydagi Oval kabinetda jurnalistlar bilan suhbatda.
Prezidentning ta’kidlashicha, Eron atrofidagi vaziyat barqarorlashgach, neft narxlari keskin tushishi kutilmoqda. Uning aytishicha, neft kompaniyalari taqchillikdan foyda olish o‘rniga, yoqilg‘i chakana narxlarini hozirning o‘zida pasaytirishi lozim.
Bundan avval AQShning yirik neft kompaniyalari Eron bilan bog‘liq urush va Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berishdagi uzilishlar fonida foydasi keskin oshganini ma’lum qilgan edi. Moliyaviy hisobotlar e’lon qilingach, Tramp Chevron bosh direktori Mayk Virtni ham tanqid qilib, kompaniya «iste’molchilar uchun narxlarni darhol tushirishi kerak», deya bayonot bergan.
Shu bilan birga, AQSh Kongressidagi demokratlar yirik neft kompaniyalarining ortiqcha daromadiga qo‘shimcha soliq joriy etish va tushumni iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishni taklif qildi. Neft ishlab chiqaruvchilar esa bu tashabbusga qarshi chiqib, bunday choralar investisiyalar qisqarishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.