Farg‘ona viloyatidagi Expo Kollor Prin Teks paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Abduqahhor Abduvohidovich Jo‘raboyev Toshloq tumanining yangi hokimi etib tayinlandi. Jo‘raboyevning ushbu lavozimga tayinlanishi haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida aytib o‘tgan.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Toshloq tumani hokimi Shuhratjon Abdusalomovni vazifasidan ozod etish bo‘yicha ko‘rsatma bergani ma’lum qilingan edi. Abdusalomov 2018 yil martidan beri tumanga rahbarlik qilib kelayotgan edi. U bilan birga tuman soliq boshqarmasi boshlig‘i ham ishdan olingan.

Expo Kollor Prin Teks haqida

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyat ko‘rinishidagi Expo Kollor Prin Teks kompaniyasi 2007 yil 18 iyunda tashkil etilgan. Registrda ko‘rsatilgan faoliyat turi — paxta tolalarini tayyorlash va yigirish; ustav fondi 4,3 milliard so‘m. Kompaniya rahbari sifatida Abduqahhor Jo‘raboyev ko‘rsatilgan.

Toshloqning yangi hokimi kimga qarindosh? (FOTO)

Skrinshot: «Stat.uz»

Kompaniyaning 95,70 foiz ulushi Abdulaziz Abduvohidovich Jo‘raboyevga, 3,60 foizi Munojatxon Ma’murjonovna Jo‘raboyevaga, 0,70 foizi Muydinjon Po‘latovich Ismoilovga tegishli. O‘z navbatida Munojatxon Ma’murjonovna Jo‘raboyeva Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Abdurashid Abduvohidovich Jo‘raboyevning rafiqasidir.

Abdurashid Abduvohidovich Jo‘raboyev haqida

Abdurashid Jo‘raboyev 2019 yil sentyabridan beri Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning o‘rinbosari hisoblanadi. Ushbu tayinlovga qadar u Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati mudiri lavozimida ishlagan. 2005—2010 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan, palataning Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan.

Toshloqning yangi hokimi kimga qarindosh? (FOTO)

Abdurashid Jo‘raboyev

Ayni vaqtda Abdurashid Abduvohidovich Jo‘raboyev Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat Madaminovich G‘aniyevning jiyani — Doniyor Avazovich G‘aniyevning qaynotasidir. Doniyor G‘aniyev 2019 yilgi parlament saylovlarida 110-Marg‘ilon saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan (nomzodi «O‘zLiDeP»dan ko‘rsatilgan), palataning Innovasion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi. Doniyor G‘aniyev yangi parlamentning eng yosh va ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Abdurashid Jo‘raboyev va Abduqahhor Jo‘raboyev 1990 yillarda O‘zbekiston aloqa vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan Abduvohid Jo‘raboyevning farzandlaridir.

Manba: daryo.uz