Kolbasa kuydirgi keltirib chiqarishi yolg‘on, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go‘yoki Toshkentda kolbasada kuydirgi kasalligi yuqishi mumkinligi haqidagi xabarlar – hech narsaga asoslanmagan yolg‘on xabar.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda qassobchilik bilan shug‘ullangan fuqaro kuydirgi kasalligidan vafot etgani va ushbu kasallik bilan zararlangan go‘sht kolbasa ishlab chiqarish sexlariga tarqatilgani va shu bois kolbasa va sosiska mahsulotlarini iste’mol qilmaslik lozimligi haqidagi audio murojaat tarqalgan edi.
Sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovning qayd etishicha, kuydirgi kasalligini tashqi muhitda (tuproqda) o‘ta chidamli bo‘lgan bakteriya qo‘zg‘atadi. Ushbu kasallik, asosan, terida ochiq yaralari bo‘lgan inson tomonidan kasallangan chorva mollarini so‘yish jarayonida yuqishi mumkin. Kasallik odamlarda asosan terida yara shaklida, hayvonlarda esa septik shaklda uchraydi. Mazkur kasallik hayvonlardan odamlarga yuqadi, kasal odamdan sog‘lom odamga yuqmaydi.