Suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Ma’lumotga ko‘ra, shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor samarali choralardan biri — yo‘l qoplamasi va unga yaqin hududlarni namlashdir. Bu usul ilmiy asosga ega bo‘lib, dunyoning ko‘plab yirik shaharlarida ifloslanish avj olgan davrlarda qo‘llaniladi.
Shu sababli, Toshkent shahar hokimligi va Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan yo‘l qoplamasiga suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, bu yilgi favvoralar mavsumi tugagan bo‘lishiga qaramay, poytaxtdagi barcha favvoralar hamda mikroiqlim qurilmalari ishga tushirilmoqda.
Nega bu usul samarali?
🔵Chang zarralarini kamaytirish
Havo ifloslanishining asosiy manbai — PM10 va PM2.5 o‘lchamdagi mayda chang zarralaridir. Yo‘l namlanganda ushbu mayda zarrachalar suv bilan aralashib, yerga cho‘kadi va atmosferaga qayta ko‘tarilib ketishining oldi olinadi.
🔵Ikkinchi darajali changlanishni kamaytirish
Avtomobillar harakatlanayotganda yo‘l yuzasidagi quruq chang doim ko‘tarib turadi. Namlangan yo‘l esa "ikkilamchi changlanish"ni sezilarli kamaytiradi. Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich shahar PM chiqindilarining 25–40% ini tashkil qilishi mumkin.
🔵Mikroiqlimni sovitish
Yo‘llarga suv sepish va yashil zonalarning sug‘orilishi haroratni pasaytiradi. Yuqori haroratda chang havoda uzoqroq vaqt saqlanib qoladi, ifloslantiruvchi moddalar kimyoviy reaksiyalari tezlashadi. Namlash esa bu jarayonni sekinlashtiradi va zarrachalarning tezroq cho‘kishini ta’minlaydi.
🔵Yashillikni qo‘llab-quvvatlash
Ifloslanishning yuqori davrlarida daraxt va butalarni sug‘orish — faqat parvarish emas, balki shahar tabiiy filtrlarini qo‘llab-quvvatlashdir. O‘simliklar changni barglari orqali ushlab, havodagi PM miqdorini kamaytiradi.
Yo‘llarga suv sepish muammoni butunlay hal qilmaydi, ammo bir necha soat ichida chang miqdorini sezilarli darajada kamaytiradigan tezkor chora hisoblanadi.
🛡Shu sababli, hokimiyat tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bilan bir qatorda:
🔵issiqxona xo‘jaliklarida reydlar o‘tkazish,
🔵qozonxonalarga filtrlar o‘rnatish,
🔵ekologik nazoratni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Yo‘llarga suv sepish ham shaharda havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismidir.