Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Toshkentda ikki qiz xitoylik erkakka qarshi jinoiy reja tuzdi...

Toshkentda ikki qiz xitoylik erkakka qarshi jinoiy reja tuzdi...

…Dilsora Hojinazarova (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) 22 yoshda. Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. O‘rta maxsus ma’lumotga ega. Turmush qurgan va ajrashgan. Uning dugonasi Oyxon Azimova 2003 yilda tug‘ilgan. U ham sirdaryolik. Turmushga chiqmagan, bir nafar farzandi bor.

Oyxon bilan Dilsora 2 yildan beri tanish bo‘lib, Toshkent shahrining Chilonzor tumani, 7-dahasida ijarada yashashadi. Oyxon xitoylik Zhang Naoran ning uyida uy tozalovchi bo‘lib xizmat qilar edi. U 2021 yilning 1 may kuni dugonasi Dilsoraga uy yig‘ishtirishga birga borib kelishini iltimos qiladi. Ayollar gap orasida Zhang Naoran ga ijara pulini vaqtida to‘lasholmayotganligi, shu bois uy egasi ularning uydan chiqishini talab qilayotganligini aytib, rahmini keltirishadi. Ishonuvchan Zhang Naoran ning ko‘ngli yumshab, sumkasini ochib, ichidan 200 AQSh dollari olib beradi. Ular bunday saxovatdan minnatdor bo‘lishlari kerak edi.

Ammo Dilsoraning ko‘ngliga shayton g‘ulg‘ula soladi: ko‘zini sumka ichidagi dollarlar o‘ynatadi…

Dilsoraning ichidagi qora niyati unga tinchlik bermay, tashqariga chiqib, yigiti Ozodbekka qo‘ng‘iroq qiladi va xitoylik kishining sumkasidagi ko‘-o‘p dollarlar haqida aytadi. Shu o‘rinda bir mulohaza: xalqimiz “Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi” degan maqolni bekorga aytmagan. Dilsora bilan Ozodbekning ham maqsadi, qarashlari, tarbiyasi biri-biriga juda o‘xshashligi uchun ham ular “bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan”dir ehtimol. Bunday fikrga borishimizning sababi — shunday bo‘lmaganida Ozodbek sevgan qiziga Zhang Naoran ning sumkasidagi pullarni o‘g‘irlashni taklif qilmas edi.

Ularning telefondagi suhbatini Oyxon ham eshitib turgan edi. U Zhang Naoran dan kun kech bo‘lib qolganligini, shuning uchun ularni mashinasida ijara uylariga oborib qo‘yishini iltimos qiladi.

Yo‘lda ketayotganlarida Ozodbek Dilsoraga “Telegram” orqali rejani qanday amalga oshirish yo‘llarini o‘rgatadi: sirka bilan ho‘llangan ro‘molni xitoylik kishining yuziga bosishi bilan u hushini yo‘qotadi va bemalol ko‘zlangan maqsadga erishiladi.

Dilsora mashina ichida Ozodbekning SMSlarini Oyxonga yuborib, uni ham rejadan xabardor qilib boradi. Yonida o‘tirgan juvonlarning maqsadini anglamagan Zhang Naoran esa ularni tezroq manziliga olib borib qo‘yish, ya’ni yaxshilik qilish uchun shoshadi. Ular yo‘lda do‘kon oldida mashinani to‘xtatishni iltimos qilishadi va Dilsora qabih niyatini amalga oshirish maqsadida do‘kondan mato va sirka olib chiqadi. Oq rang­­li LADA VESTA rusumli avtomashina Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi «ZAMIN» to‘yxonasining qarshisiga kelib, yo‘l chetida to‘xtaydi. Zhang Naoran qizlarga shu yerdan ortga qayrilishini aytadi. Qizlar esa hozir ularni olib ketishga boshqa mashina kelayotganini, u kelgunicha mashinada o‘tirib turish­i­­­ga ijozat so‘rashadi. Shu payt orqa o‘rindiqda o‘tirgan Dilsora haydovchi Zhang Naoran ga hujum qilib, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, ya’ni chap qo‘li bilan Zhang Naoran ning bo‘ynidan ushlab turib, uni hushidan ketkazish uchun o‘ng qo‘li bilan sirka solingan matoni yuz qismiga bosadi. Ammo haydovchi Ozodbek aytganidek hushidan ketmaydi: yuzlari achishib, mashinadan tushib, yo‘l chetiga — yo‘lak tomonga qochadi. Bundan foydalangan qizlar avtomashina yukxonasidan Zhang Naoran ga tegish­li bo‘lgan ichida Xitoy fuqarolik pas­porti, haydovchilik guvohnomasi, ish guvohnomasi, 5 500 AQSh dollari, 2 000 Xitoy yuani, 15 000 Rossiya rubli va bir dona flesh-kartasi bo‘lgan ko‘k rangli sumka (ryukzak) ni olib, Zhang Naoran ga jami 61 577 000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashirinishadi.

Shundagina xitoylik savobtalab inson qizlarning shum niyatini ang­laydi va ularning orqasidan quva bosh­laydi. Afsuski, yo‘lakdan kelayotgan 2 yigit uni noto‘g‘ri tushunib, ushlab qolishadi va qizlarning qochib ketishiga imkon yaratishadi. Zhang Naoran ularga voqeani tushuntirganida esa qizlar ancha nari kelib qolishgan edi. Shunday bo‘lsa ham mashinasida ular ketidan quvadi, ammo qizlar “O‘zbekkino” binosi orqasiga o‘tib, yashirinishga ulgurishadi.

Qizlarni begona erkakdan “qutqargan” yigitlar ham o‘z xatolarini to‘g‘rilash maqsadida qizlarning ortidan yugurib ketishadi. Qizlarning aytishiga qaraganda, yigitlar qizlarni quvib yetishadi, ammo, afsuski, har biriga 100 AQSh dollaridan “haq” berilgach, ularning adolatni qaror toptirish ilinjida “qiynalayotgan vij­doni” ham taskin topadi va ular: “Tuya ko‘rdingmi? Yo‘q!” deya o‘z yo‘lida davom etishadi.

Zhang Naoran talonchi qizlarni harchand izlamasin, ularni topa olmaydi.

Shundan so‘ng u tegishli organlarga murojaat qiladi.

Talonchi juvonlar esa sumkadagi 2 000 AQSh dollarini 1 000 dollardan bo‘lishib olishadi va sumkani ichidagi hujjatlari bilan birga o‘sha yerga, ya’ni o‘tlar orasiga otib yuborishadi. Dilsora bu mablag‘ni kasal onasiga (?) dori-darmon sotib olish uchun yigiti Ozodbekka beradi, Oyxon esa ertasigayoq o‘ziga kiyim-kechak sotib olishga ishlatib yuboradi. Bu ko‘rsatmalar nechog‘lik yolg‘on yoki haqligi Yaratganga ayon.

Go‘dak bolasi borligiga rahmi kelib, yaxshilik qilish niyatida xizmat haqini oshirib berib yurgan jabrlanuvchi panjara ortida o‘tirgan juvonlarni, ularning ko‘z yoshlarini ko‘rib, yana ko‘ngli yumshadi: u faqat sudlanuvchilar o‘z ko‘rsatuvlarida ko‘rsatib o‘tgan 2 000 AQSh dollarigagina da’vo qilishini aytdi. Sudlanuvchi O. Azimovaning qarindoshlari unga 500 AQSh dollari berishganligi sababli, qolgan 500 AQSh dollarini undirishdan ham voz kechdi. Sudlanuvchi D. Hojinazarovadan esa 1 000 AQSh dollarini undirib berishni, shu bilan birga unga yengillik berishni, sudlanuvchi O. Azimovaga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi… Zhang Naoran ning o‘ziga moddiy va ma’naviy ziyon yetkazish bilan birga sog‘ligiga xavf solguvchi xatti-harakat qilganlarga nisbatan bunday munosabati insoniylikning eng yorqin ko‘rinishi emasmi?!

Sudlanuvchi Dilsora Hojinazarovaga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Oyxon Azimovaga 1 yil 8 oy 24 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Qonun oldida yoshu qari, erkagu ayol baravar. Ammo ayol kishining bosqinchilik, talonchilik kabi jinoyatlar bilan ayblanishi, aytish mumkinki, juda katta isnod! Ota-ona uchun, o‘zi uchun, qolaversa, ona xalqimiz uchun! Momolarimiz bekorga qiz bolaning tarbiyasiga ehtiyot bo‘linglar, deyishmaydi. Chunki ularning tarbiyasidagi kichik nuqson kelgusida katta ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Otalar qizlarini ona qizim, deya alqashganida ham hikmat bor. Negaki, ular kelajakda ona bo‘lishadi. O‘zi ma’naviy barkamol bo‘lmagan ona yurtimiz kelajagi yaratuvchilariga qanday tarbiya beradi? Xorijlik jabrlanuvchi shu ikki talonchi misolida barcha o‘zbek ayollariga baho bermaydimi?

Hamidjon SHAMSHIYEV,

Toshkent shahar sudining sudyasi,

Saodat MATYOQUB qizi,

jurnalist

Kiritildi: 20:53 27.12.2021. O'qildi: 8900 marta. Fikrlar soni: 3 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!