Bugun 8 iyun, 2026 yil, dushanba

КИР

Toshkent va Xorazmda narkosavdogarlar ushlandi

Toshkent va Xorazmda narkosavdogarlar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uy sharoitida gidroponika usulida giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirib, internet orqali sotish bilan shug‘ullangan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning M.Ulug‘bek tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi vaqtinchalik yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, plastik idishda saqlanayotgan giyohvandlik vositasi, 300 dona zip-paket, izolentalar hamda elektron torozi borligi ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki surishtiruv davomida u o‘zining onasiga tegishli Toshkent tumanidagi xonadonda giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirayotganligi aniqlandi.

Ushbu manzil ko‘zdan kechirilganda 10 tup kannabis o‘simligi, 1 tup quritilgan giyohvandlik vositasi, shuningdek, ularni parvarishlashda foydalanilgan kimyoviy vositalar va elektron torozi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Boshqa holatda esa “Samarqand-Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Sobalt” rusumli avtomashina Tuproqqal’a tumani hududida DXX va IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, tekshirildi.

Natijada unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi 2003 y.t. shaxsga tegishli 810 gr “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, u qo‘shni davlatdan kontrabanda qilingan ushbu giyohvandlik vositasini Xorazm viloyatiga sotish maqsadida olib ketayotgan bo‘lgan.

Hozirda uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha chora ko‘rilmoqda.
Har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: Bugun 12:23. O'qildi: 308 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!