Bugun, 31-yanvar kuni soat 15:47 da Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasida joylashgan “Aviator” savdo markazi binosi yonayotganligi to‘g‘risida Toshkent shahar FVBBga xabar qilingan. Qutqaruv ekipajlari soat 15:53 da voqea joyiga yetib borgan.
Yong‘in soat 16:50 da qurshab olingan.
Hozirda binodan barcha fuqarolar evakuasiya qilingan va yong‘in o‘chirish ishlari olib borilmoqda. FVV yangi vaziri general-mayor A. Ikramov ham voqea joyida.
Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmadi.
“Korzinka”ga aloqasi yo‘q — Zafar Hoshimov
“Korzinka” supermarketlari tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov ushbu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, yong‘in o‘chog‘i binolarning ikkinchi qavatida, boshqa ijarachilar hududida aniqlangan. “Korzinka” supermarketi esa birinchi qavatda ijara huquqi asosida faoliyat yuritadi, bino kompaniyaga tegishli emas.
“Yong‘in ‘Korzinka’ do‘koni hududidan tashqarida yuz berdi va supermarketning yong‘in kelib chiqishiga aloqasi yo‘q”, — deyiladi xabarda.