Afg‘onistonda urush harakatlari to‘xtab, mamlakatda tinchlik qaror topgani va endi uni jahon savdosining tranzit markaziga aylantirish mumkinligi aytildi.
Bu haqda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.
Muttaqiyning ta’kidlashicha, so‘nggi davrda Afg‘onistonda qurolli to‘qnashuvlar to‘xtagan va mamlakat iqtisodiy hamkorlik hamda transmilliy loyihalarni amalga oshirish uchun qulay maydonga aylanishi mumkin.
«Tolibon» harakati vakili Afg‘onistonda bunday tinch vaziyat so‘nggi 50 yil davomida kuzatilmaganini bildirdi.
Uning aytishicha, so‘nggi besh yilda Kobul boshqa davlatlar uchun ishonchli hamkor bo‘la olishini namoyish etgan. Muttaqiy Afg‘oniston bilan hamkorlik qilgan mamlakatlar bundan faqat manfaat ko‘rganini ta’kidladi.