Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe bilan vidolashuv 11 iyul kuni Tokio markazidagi Dzodzyodzi buddiylar ibodatxonasida bo‘lib o‘tadi. Ushbu ma’lumotni «RIA Novosti» tarqatgan.
Yaqinlari, do‘stlari va safdoshlari marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatadigan shu joyda, ehtimol, dafn marosimi ham o‘tkaziladi. Aza tadbirlarining mezboni Abening bevasi Akie bo‘ladi.
O‘zA xabar qilganidek, sobiq hukumat rahbari Sindzo Abe 8 iyul kuni Nara prefekturasida saylov oldi mitingi chog‘ida, nutq so‘zlayotgan paytda orqa tomondan yo‘llangan o‘qdan og‘ir yaralandi. Keyinroq shifoxonada vafot etgan taniqli siyosatchining qotili sifatida Tesuya Yamagami voqea joyidayoq qo‘lga olindi. Ayni payt gumonlanuvchi polisiyada ko‘rsatma beryapti. Abening hayotiga nuqta qo‘ygan o‘q qo‘lbola quroldan uzilgan.
Suiqasd natijasida qurbonning bo‘yni va ko‘kragi jarohatlangan. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, Sindzoning ko‘ksiga tekkan o‘q shu darajada chuqur kirib borganki, hatto, yurakni ham tilgan. Yarador juma kuni mahalliy vaqt bilan 17 da qon yo‘qotishi oqibatida jon berdi. Mash’um voqea to‘g‘risida xabar tarqalgach, tez orada Abening rafiqasi Akie Naraga yetib keldi. Qotil avvaliga "Abeni yoqtirmagani va o‘ldirmoqchi bo‘lgani"ni tan oldi. So‘ngra, negadir, ko‘rsatmasini o‘zgartirib, dastlab boshqa siyosatchini nishonga olgani, birozdan keyin tanlov Abega qaratilganini aytdi. Shuningdek, Tesuya Abening o‘zi bilan orasida hisob-kitobi bor qandaydir "bir tashkilot bilan" alqoqadorligini qo‘shimcha qilgan.