Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayevning 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan BMT bosh kotibi saylovida o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin. Bu haqda Orda nashri xabar bermoqda.
“Qozog‘iston prezidenti Tokayev misli ko‘rilmagan siyosiy va diplomatik faollik ko‘rsatmoqda. Bu endi odatiy tartib emas, bunday xalqaro faoliyat muayyan sabablarni talab qiladi. Ular qo‘llab-quvvatlash va ovoz olish istagida bo‘lganida boshqa davlatlar bilan shunday qizg‘in muloqot olib boradi”, — deyiladi Orda nashri xabarida.
Bunga uning so‘nggi vaqtlardagi siyosiy faolligi, jumladan, Serbiya, Vengriya, Fransiya va Qirg‘izistonga safarlari misol qilib keltirilgan.
Qayd etilishicha, bu faoliyat Tokayevning 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan BMT bosh kotibi saylovida o‘z nomzodini qo‘yish rejasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Tokayevning 2011-2013 yillarda BMT bosh kotibi o‘rinbosari va Jenevadagi idorasi rahbari bo‘lgani esga olingan.