Toshkent Davlat stomatologiya institutida “Tibbiyot sohasidagi innovasiyalar” Axborot kuni o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ilg‘or texnologiyalar markazlari hamkorligida tashkillashtirilgan tadbirda qayd etilishicha, bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasiga innovasiyalar kiritish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida tadqiqotchilarimiz tomonidan qator innovasion ishlanmalar yaratilayotganligi haqida so‘z yuritishdi.
Innovasion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatining ma’lumotiga qaraganda, tez yordam tizimiga innovasiyalar joriy etish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha tadbir ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otgan. Loyiha xizmatning sifatli, tez ko‘rsatilishiga, tibbiyot brigadasi faoliyatini optimallashtirishga, tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga zudlik bilan xizmat ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, qalbaki chaqiruvlardan ham himoya qilishi mumkin.
Yana bir loyiha - zaif eshituvchilar uchun dispetcherlik vazifasini o‘taydi va eshitish muammosi mavjud shaxslar uchun birinchi yordam xizmatlariga xabar berish imkoniyatini beradi. Mazkur dispetcherlik xizmati kecha-yu kunduz, tanaffussiz faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.
QLF-Quantitative Light Fluorescence qurilmasi esa og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenik holatini aniqlashga innovasion yondashuvdir. U og‘iz bo‘shlig‘ida aniqlanadigan har qanday kariyes va uning asoratlarini qizil rangda belgilab beradi. Bu qurilma bolalarda tish kasalliklari profilaktikasi uchun xizmat qiladi.
Seminar ishtirokchilari genetika, onkologiya sohasidagi ilmiy ishlanmalar muhokamasida faol bo‘lishdi. Tadbir so‘nggida Innovasion rivojlanish vazirligi vakillari QR-Book – innovasion kutubxona imkoniyatlarini namoyish qilishdi.