AQShning Texas shtatidagi suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 80 nafarga yetdi. Bu haqda CNN telekanali mahalliy hokimiyat organlariga tayanib xabar bermoqda.
Avvalroq 50 nafar kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ammo oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Kerr okrugida vaziyat yanada og‘irlashgan — aynan shu hududda 68 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan.
AQSh Milliy ob-havo xizmati o‘z bayonotida, Kerr okrugi va unga yaqin shaharlarda suv toshqini oqibatida favqulodda holat e’lon qilinganini ma’lum qildi.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra:
Mintaqada yarim milliondan ortiq aholi suv toshqini xavfi ostida.
Texas gubernatori Greg Ebbot hukumat barcha mavjud resurslar, jumladan Milliy gvardiya kuchlarini ham ofatga qarshi kurashga safarbar etganini aytdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa yakshanba kuni Kerr okrugida tabiiy ofat tufayli rasman falokat holati e’lon qilgan.
Suv toshqinidan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish ishlari hali ham davom etmoqda. Mahalliy rasmiylar fuqarolarni ehtiyotkorlikka va xavfsiz hududlarga ko‘chishga chaqirmoqda.