Bugun 10 yanvar, 2026 yil, shanba

КИР

“Telsartan H” dori vositasining ayrim seriyasi muomaladan qaytarib olinmoqda

“Telsartan H” dori vositasining ayrim seriyasi muomaladan qaytarib olinmoqda

Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi “Dr. Reddyʼs Laboratories Ltd” kompaniyasining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasidan kelib tushgan rasmiy ma’lumotga tayanib, ushbu holat yuzasidan jamoatchilikka izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘tkazilgan sifat nazorati hamda barqarorlik sinovlari natijasida “Telsartan H 80 mg/12,5 mg” dori vositasining C2501976 seriyasida faol modda — gidroxlorotiazid miqdori belgilangan me’yorlardan og‘ishgani aniqlangan. Bu esa preparatning sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha nomutanosiblik mavjudligini anglatadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston hududida muomalaga chiqarilgan C2501977 seriyasida faol modda miqdori bo‘yicha hech qanday kamchilik qayd etilmagan. Biroq mazkur seriya nomutanosiblik aniqlangan partiya bilan bir xil ishlab chiqarish lotiga mansub faol modda asosida tayyorlangani sababli, ehtimoliy xavflarni oldini olish maqsadida u ham profilaktik chora sifatida bozordan qaytarib olinmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu qaror fuqarolar salomatligini himoya qilish va dori vositalari muomalasi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Shu munosabat bilan, mazkur seriyaga tegishli “Telsartan H 80 mg/12,5 mg” preparatini xarid qilgan fuqarolardan uni qabul qilmaslik, agar uyda mavjud bo‘lsa undan foydalanmaslik, shuningdek, davolashni davom ettirish masalasida davolovchi shifokor bilan maslahatlashgan holda muqobil dori vositasini tanlash so‘ralmoqda.

Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi aholini dori vositalaridan foydalanishda doim ehtiyotkor bo‘lishga, ularni shifokor tavsiyasisiz qabul qilmaslikka hamda bunday ma’lumotlarni faqat rasmiy va ishonchli manbalar orqali tekshirib olishga chaqirdi.

Shuningdek, dori vositalari bilan bog‘liq holatlar yuzasidan shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslik va turli norasmiy manbalarda tarqatilayotgan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik tavsiya etildi.

Kiritildi: 12:28 08.01.2026. O'qildi: 507 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!