Tatyana Akbarovna Karimova Prezident Shavkat Mirziyoyevga turmush o‘rtog‘i, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov xotirasiga ko‘rsatayotgani hurmat va ehtiromi uchun minnatdorlik bildirdi. Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish maqsadida qabul qilingan qarorlar, amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafot etgan kun munosabati bilan u uzoq yillar faoliyat yuritgan “Oqsaroy” qarorgohida tashkil etilgan xotirasi kechasida Tatyana Akbarovna Islom Abdug‘aniyevichni ko‘zida yosh bilan yodga oldi.
Tatyana Akbarovna har gal Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etib, u bilan o‘tgan yillarni, hayotidagi quvonchli va qiyin damlarni eslaydi.
Islom Karimov xalqiga o‘zi tortiq etgan mustaqillik bayrami arafasida vafot etgani o‘zbek xalqi uchun og‘ir bo‘lganini aytadi Karimova.
Shu kuni xotirasi kechasi Tatyana Akbarovna Karimova tomonidan tanlangan mehmonlar taklif etildi. Oilaga eng yaqin bo‘lgan va Islom Karimov faoliyatida muhim o‘rin tutgan davrdoshlar jam bo‘ldi. Xonandalar va ular tomonidan aytiladigan qo‘shiqlar ham Tatyana Karimovaning taklifiga ko‘ra tanlangan. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi:
“Biz bugungi xotirasi kechasiga Islom Abdug‘aniyevich yaxshi ko‘rgan xonandalarni chaqirdik va u kishi sevgan qo‘shiqlardan dastur tayyorladik”.
Manba: zamin.uz