Taniqli bloger Musannif Adham feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida post qoldirdi. Unda poytaxtimiz markazidagi bir masjidning taqdiri haqida so‘z boradi:
"To‘rt kun burun O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi Shuhrat G‘aniyevning Dang‘ara tumanidagi Said Ahmadxon Hoji masjidi, Uchko‘prik tumanidagi Xo‘ja Muhammad Vale masjidi, Oltiariq tumanidagi Shohi Tolib masjidlarini yopishga buyruq bergan o‘sha mashhur majlisiga ishora qilib, "O‘zbekistonda masjidlar yopilmaydi, ochiladi", deb bayonot bergandi.
Ammo Toshkent markazidagi tarixiy O‘qchi va Olmazor mahallari orasida joylashgan, hozirda Tashkent City hududida qolib ketgan "Orifjonboy" masjidi muzeyga aylantirilayotgan ekan. Shu masjidga 2008 yil iyunida bir necha marta namoz o‘qishga kirganman. Ya’ni, o‘z vaqtida ishlab turgan masjid edi. Balki bu mahalla to‘liq buzilguncha ham ishlagandir.
Tashkent City'ga masjid kerak emasmi? O‘zi shundayiga ham shahar markazidagi tarixiy mahalla yo‘qoldi. Endi hech bo‘lmasa masjidni masjid qilib saqlab qolish kerak edi: City'da yashaydiganlar, yoxud bu yerdagi biznes markazlariga ish bilan keladigan mahalliyyu xorijiy ishbilarmonlar orasida namozxonlar ham bo‘ladi, har holda. Shunday ekan, quruq muzeydan kimga naf?
P.S. Post yozilganidan 5 soat o‘tib, Tashkent City hududida bo‘lgan tarixiy "Xizmatchi" mahallasida yashagan bir kishi aloqaga chiqib, "Siz adashyapsiz, bu masjidda so‘nggi 50 yildan beri namoz o‘qilmagan. 1970 yillardan 2000 yilgacha bu binoda dorixona bo‘lgan. Siz namoz o‘qigan masjid esa boshqa, eski, xaroba bo‘lib qolgandi. Nomini eslolmayman, buzib tashlashdi. Hozirda Dream City o‘sha yerda "Taysonga qo‘shni bo‘ladigan" uylarni quryapti" deb yozib qoldi. "Xaroba bo‘lsa ham masjid edi, buzib tashlab o‘rniga yangi masjid qursa bo‘larmidi?" – desam, "Ha, bo‘lardi", dedi.
Xullas, masjidni eslashda xato qilibman – men namoz o‘qigan masjid boshqa, muzeyga aylantirilgan "Orifjonboy" masjidi boshqa ekan. Buni shu masjid ro‘parasidagi hovlida yashagan kishi tasdiqladi.
Ammo mohiyat o‘zgarmayapti: City'ga masjid kerak emasmi?"
Ma’lumot uchun: Toshkent shahar Olmazor tumani (Hurriyat ko‘chasi)da joylashgan ushbu masjidni, mahalla oqsoqollari taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, aka-uka dehqonlar Ibrohimboy va Orifjonboylar o‘zlarining ot-aravalarini sotib qurdirganlar.
1820-1825 yillargacha madrasa bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi davrida “voyenkomat” sifatida foydalanilgan. Urushdan keyingi davrda selxoz texnikumi bo‘lgan.
1991-1992 yillardan hozirga qadar masjid sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Manba: azon.uz