Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi shu kunlarda rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ldi. Tashrif doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, parlamentlararo hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
Xususan, “Rothschild&Co” Kuzatuv kengashi a’zosi A. Rotshild bilan suhbat chog‘ida tomonlar xalqaro investisiyalar sohasidagi joriy tendensiyalarni, ularni amalga oshirish istiqbollarini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining asosiy aktivlarini xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda kompaniyaning tajribasini samarali qo‘llashni muhokama qildi.
O‘z navbatida, Baronessa Ariel Malar de Rotshild “Rothschild&Co” moliyaviy guruhi O‘zbekistonda boshlangan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga, iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, kambag‘allikni tizimli qisqartirish masalalarini hal etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida “Rothschild&Co” kompaniyasi ishtirokida davlat ob’ektlari va korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida doimiy o‘zaro aloqalarni davom ettirishga kelib olindi.
Delegasiya tashrifi doirasida “Total Eren” ijro etuvchi vise-prezidenti Fabyen Demol bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Chindan ham bugun butun jahonda yashil energetikadan keng foydalanish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, “Total Eren” kompaniyasi Samarqand viloyati Nurobod tumanida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirgani va bu mintaqadagi flagman loyihaga aylangani ta’kidlandi. Shuningdek, kompaniyaning yangi yirik investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirishga intilayotgani bildirildi.
Jumladan, Fabyen Demol xonim “Total Eren kompaniyaning hozirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalari bilan faxrlanishi, O‘zbekiston bilan bunday muvaffaqiyatli muloqot tajribasi uzoq yillar barqaror o‘zaro hamkorlik asosi bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegasiyasi Fransiya milliy merosi instituti direktori SH.Personnaz bilan ham muloqot o‘tkazib, unda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
SH.Personnaz O‘zbekiston rahbariyati tomonidan qadimiy me’morchilik va madaniyatning noyob yodgorliklarini restavrasiya qilish va asrab-avaylash, mamlakatning boy moddiy-madaniy merosini tiklash, muzey ishlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi madaniy meros ob’ektlarini restavrasiya qilish sohasida Fransiyaning ilg‘or tajribasini tatbiq etish muhimligi ta’kidlanib, xususan, Fransiya Milliy meros institutining yetakchi mutaxassislarini jalb etgan holda mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish, ikki mamlakat yetakchi ekspertlari ishtirokida madaniy merosni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma amaliy seminarlar o‘tkazishga urg‘u berildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda madaniyat va san’at hamda moddiy-madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, o‘zbek arxeologlari va restavratorlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish va ularning Fransiya Milliy meros institutida ilmiy-texnik bilim olishlari borasida kelishuvga erishildi.