— Bir necha oy avval elga to‘y berib, o‘g‘limni uylantirdim. Eshikma-eshik yuraverib kavushimning tagi teshilganida o‘g‘limning hamkasbi yaxshi qiz borligini aytib qoldi. Sovchilikka bordik, yoshlar birinchi uchrashuvdayoq bir-birlariga ma’qul kelishdi. O‘rtada ishonchli odam turgani sabab ko‘pam surishtirmay fotihani tezlashtirdik. Kelinni tushirgach tengqurlarim qatori yetti qavat ko‘rpachada o‘tirib rohatlanarman, deb o‘ylagandim.
Chuchvarani xom sanagan ko‘rinaman. Birinchi kuniyoq kelinimni oldimga olib “Endi mening qizimsiz, erkaligingizni ota uyingizga tashlab keling, bu yog‘i hayot, yaxshi gap ham, arazu gina ham o‘tishi mumkin. Uydagi gap uyda qolsin. Nimani tushunmasangiz o‘zimdan so‘rayvering” degandim. Lekin qizi tushmagur juda o‘jar, o‘z bilganidan qolmaydigan chiqdi. Qo‘ygan har bir qadamini onasiga yetkazib turadi. Chaqimchilik qilib, hammamizni teskari qilib qo‘ydi.
Aytaverib, tilim og‘rigach, oxiri qattiqroq gapirishimga to‘g‘ri keldi. Darrov onasini chaqirib, ketamanga tushib qoldi. Qudam esa qizini urishib-urishib tashlab ketdi. U yoqda erkak qudamiz ham qo‘ng‘iroq qilib, ayb qizida ekanini aytayapti. Lekin kelin o‘zini bosishni istamaydi. Xullas, qanchalik achchig‘im chiqsa ham bolalarni ajratolmayman. Bu bebosh kelinni qanday tarbiya qilay? Maslahatingizga muhtojman.
To‘ti Yusupova: — Ezgu niyatlar bilan birovning erka qizini qiz qilib olibsiz-da. Ha, ba’zi yoshlar g‘o‘r, shartaki, o‘jar bo‘lishadi. O‘zimiz ham vaqtida ulardek edik. Og‘ir-bosiq qaynonalarimiz bizga sabr qilishgan. Farzandli bo‘lib, yaxshi-yomonni ko‘rib, asta-sekinlik bilan hovurimizdan tushganmiz. Hayotning o‘zi yaxshi muallim, ko‘p qayg‘urmang. Agar bilsangiz, boshqalarning kelini ham shunaqa. Yosh-da, biz kattalarga yoqmagan bir qilig‘i ortiqcha. Nachora, qaynonajon bo‘lib yetti qavat ko‘rpachada o‘tirish, savlat to‘kib yurish uchun ham kelinposhshalarning fe’liga, noz-firoq qilishlariga chidashimiz kerak.
Bu dunyoda qay bir ish, qay bir vazifa oson, deysiz? Hartugul, ota-onasi qizining fe’lini bilisharkan, shukr qiling, ba’zi birovlar “Qizimda ayb yo‘q, qizim oppoq” deb oyoq tirab turib oladi. Yaxshi, insofli insonlarning farzandi ekan, undan yomonlik chiqmaydi. Maslahatimiz, kelin bilan gap talashmang. Axir u bolangiz tengi bola. Sizday fikrlashi uchun, sizning yoshingizga qadar yashashi, bolali bo‘lib, uni ming bir azobda ulg‘aytirishi kerak. Kelinni yaxshi ko‘rishga harakat qiling. Eng oson tarbiya yo‘li shu.
Mirabbos Mirzaahmedov: — Ikki oylik kelinchak bilan shuncha muammo yuzaga kelgani biroz tushunarsiz. To‘g‘ri, har bir ayol farzandiga nisbatan aytilgan so‘zlarni ko‘ngliga juda yaqin oladi. Qolaversa, ikki oy yoshlar bir-birini o‘rganishi uchun juda oz fursat. Buning uchun kamida 1–1,5 yil talab etiladi.
Shunday ekan ularning o‘zlari bir qarorga kelib olishlari uchun imkon yaratishni, bosim o‘tkazmaslikni tavsiya qilaman. Turli cheklovlar va aytganingizni qildirish bilan uni tarbiya qilolmaysiz. Kelin har bir qadamini onasiga yetkazib tursa, demak bu mojarolarda qudangizning ham ma’lum miqdor hissasi bor. Balki u kishi bilan gaplashib, muloqotni cheklashni kelishib olarsizlar.
Oilangizga tinchlik xotirjamlik tilayman!
Manba: zamin.uz