Bugun 20 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

Tamaki tutunidan minglab odamlar halok bo‘lmoqda

A A A
Tamaki tutunidan minglab odamlar halok bo‘lmoqda

 

Bekatda turibman. Bir-ikki qadam naridagi chamasi o‘ttiz yoshlar atrofidagi yigit cho‘ntagidan sigaret olib, cheka boshladi. Dimog‘imga urilgan sigaret hididan o‘zimni chetga oldim. Yosh bolasini qo‘lidan tutgancha transport kutib turgan homilador ayol ham bu holatdan bezovtalandi... 
Ilmiy tadqiqotlarda tasdiqlanishicha, tamaki tutuni ta’sirining xavfsiz darajasi bo‘lmaydi. Aynan tamaki tutunidan zaharlanib dunyo bo‘yicha yiliga minglab odamlar qurbon bo‘lmoqda. Ularning aksariyati ayollar va bolalardir. 
Chekuvchilar o‘zlarining salomatligiga qayg‘urmas ekan, ammo yon-atrofdagilar, ayniqsa, yosh bolalar, homilador ayollar sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazayotganini, dahshatlisi bora-bora ular o‘limiga sababchi bo‘layotganini bilisharmikin? Bilishsa edi! 
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tamaki tutuni yurak ishemik kasalligi va o‘pka saratoni kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bu tutun ta’siri ostida bo‘lgan bolalarda o‘tkir respirator kasalliklar rivojlanishi kuzatiladi. Yana bir muhim jihat. Tamaki chekish oila byudjetiga ham salbiy ta’sir etadi. 
– Turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi tamaki tutuni tarkibidagi moddalarning eng xavflisi nikotindir, – deydi Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori o‘rinbosari Anvar Shukurov. – Nikotin markaziy va periferik asab sistemasiga vaqtincha qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatadi, arterial qon bosimni oshiradi, nafasni tezlashtiradi. Surunkali chekish natijasida organizm tamakidan kuchli zaharlanadi, bosh og‘riydi, og‘iz quriydi. Miya faoliyatini yaxshilash maqsadida chekilgan narsa kishini o‘ta charchatib qo‘yadigan zararli illatga aylanadi. 
Olimlar tamaki chekish bilan sil kasalligi o‘rtasida bevosita aloqa mavjudligini aniqlagan. Kashandalar bu kasallikka chekmaydiganlarga qaraganda 2 marta ko‘p chalinadi. 
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tamaki tutunidan xoli joylarni tashkil qilish borasidagi sa’y-harakatlari natijasida 21 foiz mamlakatlar tamaki tutuni ta’siridan himoya qilish bo‘yicha qonun qabul qilgan. Ta’lim va tibbiyot muassasalari chekish taqiqlangan joylar ichida eng keng tarqalgani. Biroq ba’zi mamlakatlarda tibbiyot muassasalarida chekish taqiqlanmagan. 
Yoshlar o‘rtasida tobora keng tarqalib borayotgan chilim, elektron sigaretlar zarari ham oddiy sigaretlarnikidan kam emas, balki yuqoridir. 
Psixologik va tibbiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, inson o‘z aqli bilan ixtiro qilingan ijobiy va salbiy narsalarni ba’zan ataylab, gohida esa oqibatini o‘ylamay tatib yoki foydalanib ko‘rishga moyil bo‘ladi. Dunyodagi barcha mamlakatlar aholisi singari O‘zbekistonda ham zararli odatga berilgan, buning ziyon-zahmatini tortayotgan fuqarolar yo‘q emas. Bu illatning oldini olish maqsadida hukumatimiz tomonidan va Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
Inson ko‘p narsaga qodir. Ba’zan u o‘zi yaratgan ixtiroga qaram bo‘lib qoladi. Ammo iroda mustahkam bo‘lsa, har qanday zararli illatdan qutulish mumkin. 

O‘zA

Kiritildi: 04:38 31.05.2018. O'qildi: 2103 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik