O‘g‘lim maktabgacha ta’lim muassasasining tayyorlov bosqichiga o‘tgach, chamasi bir oylar o‘tib mashg‘ulotlarni kuzatish uchun guruhga bordim. Tushdan keyingi mashg‘ulot vaqtida 28 boladan 8 o‘g‘il-qiz o‘tirgan edi.
– Boshqalar qani, – qiziqib so‘radim.
– "Pochemuchkada", – dedi tarbiyachi.
– Axir bu tayyorlov guruhi-ku, hamma mashg‘ulot o‘tilmaydimi?
– O‘tamiz, lekin ota-onalar farzandining yana qo‘shimcha mashg‘ulotlarga borishini xohlaydi.
Bu biroz tushunarsiz holat. Shundog‘am bolalar qo‘shimcha mashg‘ulot o‘tishi, maktabga tayyorgarlik ko‘rishi kerak bo‘lgan tayyorlov guruhida bo‘lsa-yu, ota-onalar yana qayergadir ortiqcha pul to‘lab farzandlarini darsga bersa.
Buning sababi nimada?
Shundan so‘ng mening bolam ham tengdoshlaridan ortda qolmasin, deb o‘qitish markazlarini surishtira boshladim. Natijada "Pochemuchka" deb ataladigan guruhlardagi mashqlar bir xil bo‘lsa-da, narxida farqlar mavjudligini bildim. Eng arzon guruhlar 120 ming so‘mdan boshlanar ekan. Shaharning markaziy hududlarida joylashgan kurslar ancha qimmat. Mayli bu ish haqi, erkin tadbirkorlik bilan bog‘liq ekanini tushunamiz. O‘g‘lim davlat tilida o‘qishini istaganim uchun o‘zbek guruhini qidirdim. Ammo men borgan hech bir o‘quv markazida bunday guruh yo‘q...
Yurtimizda o‘zbeklar bolasini qo‘shimcha darslarga bermaydimi?
Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan o‘quv markazlaridan birida bu savolga quyidagicha javob berishdi:
– O‘zbeklar ham bolalarini olib keladi. Ammo ular farzandining rus guruhida o‘qishini xohlaydi. Shu bois siz so‘rayotgan guruhimiz hozircha yo‘q. Agar yozdirib ketsangiz, guruh ochilsa chaqiramiz.
Aksiga olib hali hech kim bu guruh ochilishini so‘rab yozdirmagan ham ekan. Bu javobni to‘rtta o‘quv markazidan olgach, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. Nahotki, menga o‘xshagan ota-onalar bo‘lmasa? Hamma bolasini rus sinfiga qo‘yadimi?
– Hozir pedagoglarning maqsadi maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni to‘liq maktabgacha ta’lim muassasasiga qamrab olish va maktab ta’limiga sifatli tayyorlashdir, – deydi Uchtepa tumanidagi 492-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Gulruh Ahrorova. – 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan hamma bolalarni MTMga qamrash uchun hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalari yetarli emasligi sababli xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari, qisqa muddatli guruhlar va 0-sinflar tashkil etilmoqda, 6 yoshli bolalar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Shu bilan bir qatorda, hududlarda «Pochemuchka» nomli rivojlantiruvchi guruh mashg‘ulotlari ham bolalarning sifatli ta’lim olishida qo‘l kelmoqda. Farzandlari bilan uyda o‘tiradigan uy bekalari uchun bu guruhdagi mashqlar ma’qul bo‘lmoqda. "Pochemuchka" nafaqat bolalar, balki onalarning ham pedagogik, psixologik bilimlarini rivojlantirib, mashg‘ulot mobaynida va uy sharoitida davomiy shug‘ullanishni talab etadi. Bu kurslarda turli yo‘nalishlar, noan’anaviy dasturlar orqali bolaga individual yondashilgan holda mashg‘ulot olib boriladi. Uning yana bir qulayligi kunning ota-onalar uchun qulay soatlarda tashkillashtirilganidir.
Buni qarangki, xususiy ta’lim markazlarida ham ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagoglar dars o‘tadi. Davlat tomonidan ta’lim muassasalari uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Bu jarayonda homiylik yordami ko‘rsatayotgan ota-onalar ham talaygina. Shunda ham farzandlarimizni qo‘shimcha darsga olib borishni qanday izohlash mumkin? Bu pedagoglarimiz, tarbiyachilarimizning kasbiy mas’uliyati bilan bog‘liq emasmikin?
– Oilada o‘zbekcha gaplashamiz, shuning uchun bolalarim ona tilimizni shundog‘am o‘rganib oladi, – deydi Dilrabo Halimova. – Ammo o‘g‘lim 5 yoshdan buyon bog‘chadan tashqari "Pochemuchka"ga boradi. Hozir o‘zbekcha harflardan ko‘ra ruscha harflarni yaxshi taniydi.
– Maktabda rus sinfga qo‘yasizmi, – deyman qiziqib.
– Yo‘q, o‘rganib qo‘yaversin dedim. O‘zbekcha o‘qitish endi maktabdagi o‘qituvchisiga qoldi.
Bu qay darajada to‘g‘ri? Maktabgacha ta’lim muassasasida o‘zbek guruhida tarbiyalanayotgan bola, ikki yil rusiyzabon pedagog qo‘lida ruschani o‘rganadi. Keyin o‘zbek sinfiga boradi. Xo‘sh, bu bolaning ongiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
– Avval bir tilda mashg‘ulotlarga borib, keyin boshqa tilda birinchi sinfga keladigan o‘quvchi ancha qiynaladi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 256-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Shah
lo Ixlosova. – Agar ota-ona va o‘qituvchi birgalikda harakat qilmasa yozuvda, talaffuzda kamchiliklar qolib ketadi. Hamkorlikda ishlansa 5-6 oyda natijasini ko‘rsatadi. Ammo kattalarga bolani turli mashqlarga chalg‘itishni maslahat bermagan bo‘lardim. Uning ongi, qarashlari, tafakkurini hisobga olish kerak. Bolamning zehni o‘tkir, deb hamma narsaga jalb qilib, uni qiynash yaxshimas.
Ana sizga ta’lim-tarbiya jarayonidagi yana bir xato.
So‘nggi yillarda 6-7 yoshli o‘g‘il-qizlarni 0-sinfda o‘qitishlar avj oldi. Bu maktab direktori va o‘qituvchilarning ota-onalar talabiga ko‘ra o‘qitishni tashkil etishi bilan bog‘liq. Quvonarli, albatta. Farzandlarimiz uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar kundan-kun yaxshilanmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, qo‘shimcha o‘quv kurslari deysizmi, hammasida qulayliklar, imkoniyatlar bor. Ammo bir kunda ikki soatlik dars uchun 8 mingdan 12 minggacha to‘laysiz. Natija yaxshi. Farzandingiz birinchi sinfda o‘qitilishi kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlarga shu darslarning o‘zidayoq ega bo‘ladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Unda bolalar 1-sinfda nimani o‘rganadi?
Bu savol bilan qaysiki boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga murojaat qilsak, ular bu go‘yo takrorlash, yengil mashg‘ulot bo‘ladi, deb javob bermoqda. Yurtimizda bola 7 yoshdan boshlab maktab ta’limini boshlashi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Me’yoriy hujjatlarda ham bu boradagi talablar bayon qilingan.
Pedagoglar bolani ko‘proq o‘ylayotganini e’tirof etish joizdir balki. Chunki uning bilimlar bazasidagi ma’lumotlarni takrorlashi, mustahkamlashi yaxshi ekanini tushunamiz. Ammo... Hamma ham 0-sinfda farzandini o‘qitishga qodir emas. Iqtisodiy imkoniyati yetsa-da, bolasini bunday guruhlarga berolmayotgan ota-onalar bor. Ana shunday bolalar 1-sinfga chiqqanida o‘z tengdoshlari qatorida bo‘lmasligi, ular kabi o‘qib, yozolmasligi ma’lum-ku. Xo‘sh unda pedagog nima qiladi? Yaxshi o‘qiy olmayotgan o‘quvchi bilan band bo‘lib, bu mavzuni o‘rganib bo‘lgan o‘quvchini e’tiborsiz qoldirishi mumkin emasmi? Boshqalardan oldin allaqachon o‘rganib bo‘lgan bola vazifasini bajarib bo‘lgach zerikib qolmaydimi?
Yurtimizda keyingi yillarda maktabgacha ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘ylaymizki, tarbiyachilar va pedagoglarga qo‘yilayotgan talablar natijasida o‘g‘il-qizlarimiz uchun alohida kurslarga bo‘lgan ehtiyoj qisqaradi. Shunda farzandlarimiz ushbu muassasadan umumta’lim maktabining 1-sinfiga kerakli darajadagi bilimlarni o‘rganib chiqadi.
Manba: uza.uz