Biznes-ombudsmandan Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor yordam so‘radi. Gap shundaki, tadbirkor Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining ko‘rsatmasini bajarish uchun 2024 yil 15 martda mahsulotga tegishli muvofiqlik sertifikatini olgan.
Shunday bo‘lsada, oradan uch kun o‘tgandan so‘ng inspeksiya ko‘rsatma bajarilmaganini vaj qilib, tadbirkorlik sub’ektida tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqargan. Mahsulotga tegishli muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan davrda umumiy qiymati 164 mln. so‘mlik mahsulot realizasiya qilinganini inobatga olgan holda, tadbirkorga mazkur summaning 50 foizi – 82 million so‘m miqdorda moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritgan.
Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan tadbirkorning huquqlari sudda himoya qilinishi natijasida sud inspeksiyaning arizasini rad etish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qildi va tadbirkorga jarima qo‘llanilmaydigan bo‘ldi.