Bugun 1 may, 2024 yil, chorshanba

КИР

So‘xda maktab direktori va o‘qituvchilar o‘quvchi talashib janjallashgan

So‘xda maktab direktori va o‘qituvchilar o‘quvchi talashib janjallashgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi maktabda ro‘y bergan janjal haqida videolavha tarqaldi.
Unda maktab hovlisida bir necha odamning janjallashayotgani, ichki ishlar xodimi ularni ajratishga urinayotgani va bu holatni maktab o‘quvchilari tomosha qilayotgani aks etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holat joriy yilning 6 sentyabr kuni So‘x tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘tkazilgan «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbiri vaqtida yuz bergan. Tumandagi "Qal’a" mahallasi hududida ikkita umumta’lim muassasasi — 3 -maktab va 2-IDUM joylashgan. Mazkur mahallada yashovchi aksariyat ota-onalar farzandlari ixtisoslashtirilgan maktabda ta’lim olishini istagan va ularni birinchi sinfga 2-IDUMga olib borgan. 3-maktab direktori esa bu bolalar o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabda o‘qishi kerakligini talab qilib qo‘shni maktabga borgan va o‘quvchi talashib janjal ko‘targan.

3-maktab direktori G.R. 2-IDUM o‘qituvchilariga nisbatan haqoratomuz so‘zlarni ishlatib, ularni o‘quvchilar va ota-onalar oldida kamsitgan, jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalarni qasddan mensimasdan, baqir-chaqir qilib, «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirining tartibli o‘tishiga to‘sqinlik qilgan.

Tuman hokimligi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda qayd etilishicha, janjalning yuzaga kelishiga asosiy sabab ota-onalar farzandlarini 3-sonli maktabda emas 2-sonli IDUMda o‘qishlarini talab qilib borishgani bo‘lgan. 3-maktab direktori "bolalar liseyda emas, balki bizning maktabda tahsil olishlari kerak, chunki 7 yoshga to‘lgan bolalar 3-sonli maktab mikrohududida yashab, xatlovdan o‘tkazilgan va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan ERP bazasi bo‘yicha 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kiritilgan” deb iddao qilgan. Lekin tadbirda ishtirok etgan birinchi sinf o‘quvchilarining ota-onalari bunga keskin qarshilik bildirishgan.

Holat yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan tezkor ishchi guruh tashkil etilib, mazkur maktabda o‘rganish ishlari olib borilgan. Maktab direktori u tomondan sodir etilgan noo‘rin hatti-harakatlar qonun doirasida ko‘rib chiqilishi bo‘yicha ogohlantirilgan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ham bunga o‘z munosabatini bildirib, tegishli o‘rganishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ayni vaqtda holat yuzasidan So‘x tumani IIB profilaktika inspektorlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: 11:24 10.09.2021. O'qildi: 2762 marta. Fikrlar soni: 2 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!