Kecha, 5 sentyabr kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida joylashgan bozorda yong‘in yuz berdi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, “Kichik jonchekka” mahallasi, Termiziy ko‘chasidagi oziq-ovqat savdo nuqtasida soat 18:18 da yong‘in chiqqan.
Do‘konning taxminan 20 kvadrat metr maydoni olov ichida qolgan. Hodisa haqida tezkorlik bilan 112 raqamiga xabar berilgan va 10 daqiqa ichida voqea joyiga ikkita yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib kelgan. Yong‘in 18:28 da o‘rab olingan va 18:50 ga kelib to‘liq bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda moddiy zarar miqdori o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi xo‘jalik mollari do‘konida ham shunga o‘xshash yong‘in sodir bo‘lgandi. O‘shanda taxminan 70 kvadrat metr maydon zarar ko‘rgan, ammo odamlar salomatligiga putur yetmagan edi.