Bir ishning oqibatini o‘ylamagan kishi borki, xatti-harakatini noto‘g‘ri yo‘naltirib, qonun oldida javob beradi. “Sudlangan” degan tamg‘ani orttirib oladi. So‘ng butun umr afsus chekadi.
Angor tumani Ilg‘or mahallasida yashovchi Anvar Qarshiyev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tog‘ni ursa talqon qiladigan yigitlardan. 37 yoshda, ikki farzandning otasi, muqaddam sudlangan, 2021 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) bilan yuritilgan jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan Jinoyat kodeksi 661-moddasiga asosan harakatdan tugatilgan.
Anvar Qarshiyev 2012 yilda jarqo‘rg‘onlik Nasiba Narzullayeva bilan turmush qurdi. Dastlab hayotlari yaxshi edi. Ikki nafar farzandli bo‘lishdi. Keyinchalik oilada turli janjallar ko‘paydi. 2018 yilga kelib xotin farzandlarini olib ota uyiga ketib qoldi.
2022 yil 3 mayga kelib, Anvar Yulduz Osmonova degan ayol bilan ilakishib, sha’riy nikohdan o‘tib, ukasining uyida yashay boshladi. Buni eshitgan birinchi xotin 27 iyul kuni bolalarini yetaklab eri yashayotgan xonadonga bordi. Eridan “sen bilan birga yashayman, anovu yolmog‘izni haydab yubor” dedi. Ikkinchi xotin bilan jiqqa musht bo‘ldi. Eridan Yulduz Osmonovani chiqarib yuborishni talab qilib janjal ko‘tardi. Ikkinchi xotin bu janjallarga chidolmasdan uydan chiqib ketdi. O‘sha kuni Nasiba ham uyda yetarli sharoit bo‘lmaganligini ko‘rib, farzandlarini olib ota hovlisiga qaytdi.
Oradan ikki kun o‘tib shomga yaqin Nasiba Narzullayeva o‘g‘li Azamatni yetaklab erining uyiga keldi. Maqsadi o‘ziga va bolalariga tegishli bo‘lgan kiyim-kechaklarini olib ketish edi. Er xotinining o‘z uyida yana paydo bo‘lganini ko‘rib jahl otiga mindi. O‘rtada nizo chiqdi. Xotin: “sen erkak emassan, sendan ko‘ra it yaxshi” dedi. Erning bundan jahli chiqdi. O‘zini boshqara olmasdan og‘ilxonada turgan belkurakni olib, voyaga yetmagan farzandi ko‘z o‘ngida xotinini ura ketdi. Dastlab yuziga musht tushirdi. So‘ngra belkurakning kesuvchi qismi bilan boshi va yelkasi osha bir necha bor qattiq zarba berdi...
Nasibaning boshidan qon oqardi. Er ro‘mol bilan uni boshini bog‘lab qo‘ydi. Qilg‘ilikni qilib, tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi. Tez yordam xodimlari kelib jabrlangan ayolni shifoxonaga olib ketishdi. Afsuski, er tomonidan berilgan zarbalar o‘z natijasini ko‘rsatdi. Olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bechora ayol kasalxonada jon taslim qildi...
Mazkur sodir etilgan jinoyat ishi yuzasidan sud majlisida sudlanuvchi Anvar Qarshiyev aybiga qisman iqror va pushaymonlik bildirib suddan qonuniy yengillik berishni so‘radi.
Ammo qonun o‘z so‘zini aytadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi tomonidan ushbu jinoyat ishi sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqilib, Anvar Qarshiyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2 - qismi “j” bandi bilan aybdor deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Bu hukmdan norozi bo‘lgan sudlanuvchi jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati sudiga apellyasiya tartibida shikoyat berdi.
Jinoyat ishi Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining hukmi o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Ikki nafar farzandning onasi bu hayotni bevaqt tark etdi, ota qamoqda, bolalar tirik yetim bo‘lib qoldi. Aslida er-xotin murosa qilib hayotlarini davom ettirsa bo‘lardi. Jamiyatga foydasi tegardi. Jahl kelsa aql qochadi, deganlaridek Anvar Qarshiyev “qotil er” tamg‘asini olib jazo o‘taydigan bo‘ldi.
Jasur Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi