Bugun 9 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

Suriyada hukumat kuchlari va kurdlar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lmoqda — Reuters

Suriyada hukumat kuchlari va kurdlar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lmoqda — Reuters

Suriyaning Halab shahrida bir necha kundan buyon mamlakat markaziy hokimiyati armiyasi va kurdlarning Suriya Demokratik kuchlari o‘rtasida janglar davom etmoqda. Halabning kurdlar yashovchi ikki tumanida artilleriya qo‘llangan holda olib borilayotgan janglar seshanba kuni boshlangan.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida birinchi kuni olti kishi halok bo‘lgan. Halab sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lum qilishicha, 7 yanvar kuni yana kamida to‘rt kishi halok bo‘lib, 18 kishi yaralangan.

Suriyalik harbiylar Halabning Shayx Maqsud va Ashrafiya tumanlarini chorshanba kuni soat 15:00 dan “yopiq harbiy zonalar” deb e’lon qilgan va shu bilan bir vaqtda tinch aholi olib chiqilishi uchun “ikkita xavfsiz gumanitar yo‘lak” yaratdi, deb xabar bermoqda AFP agentligi.

"Biz ularni o‘zlari istagan joyga olib borib qo‘yamiz yoki ko‘chirilganlar uchun boshpanalarga joylashtiramiz", – dedi Halabdagi fuqarolik mudofaasi kuchlari rahbari Fayzal Muhammad Ali. Uning so‘zlariga ko‘ra, janglar bo‘layotgan hududlarni 10 mingga yaqin odam tark etgan.

Suriya hukumati armiyasi Halabning Shayx-Maqsud va Ashrafiya tumanlaridagi qonuniy harbiy nishonlarga zarba berayotganini ma’lum qildi. Damashq vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ularning bo‘linmalari kurd jangarilarining raketa va artilleriya orqali yo‘llagan zarbalari, shuningdek, dronlar orqali uyushtirilgan hujumlariga javoban o‘t ochgan. Kurd kuchlari esa, aksincha, janglar qaytadan boshlanishida Damashqni aybladi.

Rasmiylar Halab aeroporti faoliyati to‘xtatilganini e’lon qildi, shaharda maktablar, universitetlar va davlat muassasalari ham yopildi. Shuningdek, shahar markazidan Turkiya bilan chegara tomon olib boruvchi ko‘plab ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan.

Suriya kurdlari fuqarolik urushi davrida mamlakatning shimoli-sharqiy qismida, shuningdek, Halabda o‘z muxtor hududlarini tashkil etishgandi. Damashqdagi yangi hokimiyat bilan 2025 yil mart oyida tuzilgan kelishuvga muvofiq, kurdlarning qurolli tuzilmasi hisoblangan Suriya demokratik kuchlari 2025 yil oxirigacha to‘lig‘icha Suriya armiyasi tarkibiga qo‘shilishi ko‘zda tutilgandi. Ammo bu reja amalga oshmadi va tomonlar bunda bir-birini ayblamoqda.

Kiritildi: 15:45 08.01.2026. O'qildi: 425 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!