Superligada bugun, 23-avgust kuni 19-tur bahslari boshlanadi.
Turning dastlabki uchrashuvi Farg‘onada o‘tkaziladi. Chempionat peshqadami "Neftchi" "Istiqlol" stadionida Jizzaxning "So‘g‘diyona" jamoasini qabul qiladi. Bahs soat 19:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Farg‘onaliklar 18 ta o‘yindan keyin 42 ochko bilan turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi. "So‘g‘diyona" esa 24 ochko bilan 10-pog‘onada bormoqda. Shu bilan birga, Jizzax klubi chempionatdagi so‘nggi to‘rt uchrashuvida ketma-ket g‘alaba qozongan.
Jamoalarning joriy mavsumdagi avvalgi uchrashuvida "Neftchi" safarda raqibini 5:1 hisobida mag‘lub etgandi. Farg‘ona klubi 18-turda "Buxoro"ga 1:4 hisobida yutqazgan bo‘lsa, "So‘g‘diyona" "Qizilqum"ni 2:1 hisobida yengdi.
19-tur uchrashuvlari 26-avgustga qadar davom etadi.