Bugun 25 avgust, 2026 yil, seshanba

КИР

Superligada 12-turning so‘nggi ikki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Superligada 12-turning so‘nggi ikki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 12-turidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda safarda to‘p surgan "Dinamo" hamda "Surxon" jamoalari muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi.

Navoiyda kechgan bahsda Samarqandning "Dinamo" jamoasi mezbon "Qizilqum" ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi. E’tiborli jihati, o‘yindagi barcha gollarga samarqandliklar futbolchilari mualliflik qilishdi. Firdavs Abdurahmonov hamda Anvar Hojimirzayev raqib darvozasini aniq nishonga olgan bo‘lsa, Haris Hayderovich o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng "Dinamo" ochkolarini 14 taga yetkazib, turnir jadvalining 11-o‘riniga ko‘tarilib oldi. 13 ochkoga ega "Qizilqum" esa 13-pog‘onada bormoqda.

Turning yana bir qiziqarli uchrashuvi Andijonda o‘tkazildi. Mahalliy "Andijon" klubi mehmoni bo‘lgan Termizning "Surxon" jamoasi ham xuddi shunday 2:1 hisobidagi g‘alabani tantana qildi.

Uchrashuvning 64-daqiqasida mehmonlar hujumchisi Richard Fraydey hisobni ochgan bo‘lsa, 73-daqiqaga kelib Usmonali Ismonaliyev muvozanatni tiklashga erishdi. Biroq oradan hech qancha o‘tmay, ya’ni 77-daqiqada Sarvar Abduhamidov termizliklarga g‘alaba keltirgan golni urdi.

Muvaffaqiyatli yurishdan keyin ochkolarini 15 taga yetkazgan "Surxon" jadvalda 10-o‘rinni band etib turibdi. Mag‘lubiyatga uchragan "Andijon" esa 16 ochko bilan 9-pog‘onada joylashgan.

Kiritildi: 23:37 18.07.2026. O'qildi: 1204 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!