Bugun 16 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Stomatologiya sohasida xorijiy tajriba va amaliyot

A A A
Stomatologiya sohasida xorijiy tajriba va amaliyot
Poytaxtimizning "Miran International" mehmonxonasida tibbiyot, xususan, stomatologiya sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy tibbiy uskunalar, xorijiy tajriba va amaliyot masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
 
Germaniyaning “Gerus Impex GmbH” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Frankfurtdagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik soha vakillari ishtirok etdi.
 
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan mazkur seminardan ko‘zlangan maqsad tibbiyot kadrlarini tayyorlash, kayta tayyorlash va malakasini oshirishda xalqaro tajribalar bilan tanishish va ularni amaliyotga tatbiq etishdir.
 
Shu bois seminarda Germaniyaning Berlin shahridagi endodontiya xususiy klinikasi bosh shifokori Sebastian Ridl va Italiyaning Rim universiteti parodontologiya bo‘limi dekani, professor Andrea Pilloni stomatologiya sohasida qo‘llayotgan tajribalari, xususan, endodont va parodontni davolashda erishgan natijalari haqida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
 
– Uch kun davom etgan seminar mahalliy stomatologlar uchun juda qiziqarli va foydali bo‘ldi, – dedi Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining stomatologiya kafedrasi assistenti Alisher Azizov. – Chunki endodont va parodont, ya’ni tish kanallari va to‘qimalari muolajasida xorij tajribasini o‘rganish biz uchun yangilik. Tadbirning birinchi kunida tish yallig‘lanishi va kanallarini davolashda Germaniya davlatida ishlab chiqarilayotgan uskunalar va ularni amaliyotda qo‘llash borasida mahorat darslari o‘tkazildi. Ilmiy va amaliy mashg‘ulotlar jarayonida stomatolog Sebastian Ridl nafaqat Germaniyada, balki Yaponiyada ishlab chiqarilgan tibbiy uskunalar bilan ishlash yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib berdi. Tadbirning ikkinchi kuni tashkil etilgan ochiq eshiklar kunida mutaxassislarimiz bunday zamonaviy asbob-uskunalarda ishlash tartib va talablarini o‘zlashtirdi. Professor Andrea Pillonining parodontologiya bo‘yicha nazariy va amaliy tajribasi mamlakatimiz stomatologlari uchun juda muhim, deb o‘ylayman. Uning parodont patologik o‘zgarishlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashda gialuron kislotani qo‘llashi natijasida tish milkini o‘stirishga erishgan amaliyotini tajribamda qo‘llamoqchiman.
 
– Parodont kasalligi – bu tishni o‘rab turgan yumshoq va qattiq to‘qimalarning yallig‘lanishidir, – dedi professor Andrea Pilloni. – Xo‘sh, bunday kasallikni davolashda qanday usulni tanlamoq zarur, degan savol tug‘iladi? Bunda parodont patologik o‘zgarishlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashda gialuron kislotadan foydalanish milk to‘qimalarining o‘sishini ta’minlaydi. Men shu jarayonlarni bugungi seminarda ham nazariy, ham amaliy jihatdan ko‘rsatib berdim. Slaydlar orqali amalga oshirgan amaliyotimni ishtirokchilar diqqat bilan kuzatishdi. O‘ylaymanki, bu ularning amaliyotida muhim ahamiyat kasb etadi
 
Manba: uza. uz
Kiritildi: 21:40 17.09.2018. O'qildi: 2184 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!