Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmerning reyting ko‘rsatkichi rekord darajada pasaydi, deb xabar berdi Sky News Ipsos tadqiqot kompaniyasiga tayanib.
So‘rov natijalarga ko‘ra, Britaniya fuqarolarining atigi 13 foizi Starmerning bosh vazir sifatidagi faoliyatini ma’qulladi. Shu bilan birga, aholining 79 foizi uning ishini salbiy baholagan. Joriy bosh vazirning umumiy ma’qullash ko‘rsatkichi –66 foizni tashkil etdi. Bu natija so‘rov tarixidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Starmerning reytingi mamlakatning sobiq bosh vazirlari Rishi Sunak (2024 yil aprel) va ser Jon Mayor (1994 yil avgust) qayd etgan rekordni yangiladi. Ularning har biri uchun salbiy ko‘rsatkich –59 foizni tashkil etgan edi.
So‘rov natijalarini sharhlar ekan, Starmer The Sunday Times nashriga bergan intervyusida “to‘lqinni o‘zgartirish” niyatida ekanini ta’kidladi.
— «Bu bizning zamonimiz kurashi va unda barchamiz birga bo‘lishimiz kerak. Bizda o‘zimizni o‘rganishga ham, ruhni izlashga ham vaqt yo‘q», — dedi Britaniya bosh vaziri.