Bugun 20 may, 2024 yil, dushanba

КИР

SSV: O‘zbekistonda maymun chechagi qayd etilgani yo‘q!

SSV: O‘zbekistonda maymun chechagi qayd etilgani yo‘q!

Matbuot anjumanida shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida tarqalayotgan maymun chechagi infeksiyasi xususida kelib tushgan savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Atabekov quyidagicha javob berdi:

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’ulomotlariga ko‘ra, kasallik hozirgacha 14 ta davlatda qayd etilgan, — dedi N.Atabekov. —Xususan, infeksiyani yuqtirganlar soni 90 nafarga yaqinlashgani aytilyapti. Qolaversa, qariyb 30 kishi kasallikka chalinganlikda gumonlanmoqda. Qolaversa, shu kungacha o‘lim holatlari ro‘yxatga olinmadi.

Aslida, bu xastalik kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Ya’ni ilk bor u bundan 52 yil avval Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan. Kasallikning alohida holatlari Markaziy va G‘arbiy Afrika mamlakatlarida kuzatilgan.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, maymun chechagi deyarli barcha holatlarda hayvonlardan odamga yuqadi. Asosan endemik hududlarga safar qilgan va jonivorlar bilan muloqotda bo‘lgan kishilarda tasdiqlanishi mumkin.

Dunyo bo‘ylab kasallikning qayta avj olishi 7 may sanasidan boshlandi. Shu kuni Buyuk Britaniyaga Nigeriyadan qaytgan sayyohda mazkur infeksiya aniqlandi. Unda kasallik belgilari terida toshmalar toshishi bilan namoyon bo‘lgan. Shundan so‘ng ushbu mamlakatda o‘nga yaqin bemorlar maymun chechagiga chalingani ma’lum bo‘ldi.

Keyinroq AQSH, Kanada, Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Italiya, Shvesiya, Belgiya, Niderlandiya, Gresiya, Avstraliya, Isroil va Shveysariyada ham xastalik tarqala boshlagani haqida xabar topdik.

Tahlillarga ko‘ra, kasallik odatda yengil kechyapti va bemorlarning ko‘pchiligi bir necha hafta ichida tuzalib ketmoqda.

Shunga qaramay, hozir JSST maymun infeksiyasi keng tarqalib ketmasligi uchun dunyo mamlakatlarini profilaktik choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda.

Xo‘sh, bu kasallikdan qanday himoyalanish mumkin?

Mutaxassislar fikricha, aynan maymun chechagiga qarshi emlash preparatlari mavjud bo‘lmasa-da, bir qator mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaksinalar orqali buning oldini olishga harakat qilmoqda.

Chunki ikki virus bir-biriga o‘xshash va shu tufayli bunday vaksinalar maymun chechagining oldini olishda taxminan 85 foizga samara berishi kutilyapti.

O‘zbkistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yo‘q. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz.

Kiritildi: 11:48 23.05.2022. O'qildi: 3958 marta. Fikrlar soni: 10 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!