Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Spiker o‘rinbosari A.Xaitov xalq ichida...

Spiker o‘rinbosari A.Xaitov xalq ichida...

Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholiga munosib mehnat va yashash sharoiti yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Endi har bir rahbar, deputatlar xalq dardi bilan yashab, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak. Faqat shundagina u xalq ishonchini qozonishi, partiya obro‘sini oshirishi mumkin.

Shu ma’noda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh  deputatlari O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari, spiker o‘rinbosari A.Xaitov boshchiligida xalq bilan muloqot qilish, odamlarning dardini eshitish, joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga borishdi.

Vohada o‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida deputatlar guruhlarga bo‘lingan holda viloyatdagi korxona, tashkilot, muassasa va aholi xonadonlarida bo‘lishib, mavjud real vaziyatni har tomonlama chuqur o‘rganmoqda, saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda.

Spiker o‘rinbosari A.Xaitov vohaga tashrifi doirasida Dehqonobod tumani hokimi qabuliga kelgan yuzdan ortiq fuqarolar bilan muloqot qildi. Xususan, o‘tgan davr mobaynida tumandagi ishsiz aholi bandligini ta’minlash maqsadida tomorqa xo‘jaligi, chorvachilik, issiqxona va hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida 1 mlrd. 200 mln. so‘m kredit ajratilganini, 200 o‘rinli junni qayta ishlash korxonasi ishga tushirilganligi, lalmikor maydonlarga ekish uchun Janubiy Koreyadan tok ko‘chati, Xitoydan kartoshka urug‘lik keltirish borasida amaliy ishlar boshlanganligini, bu  yil tumanda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida yuzga yaqin xonadonda tomchilatib sug‘orishga asoslangan zamonaviy issiqxonani ishga tushirish rejalashtirilganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, dehqonobodlik saylovchilar yoshlarni ishsizlik qiynayotgani, aholining tabiiy gaz ta’minoti qoniqarsiz ekani, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda byurokratik to‘siqlarga duch kelayotgani, tog‘oldi qishloq yo‘llari yaroqsiz holga tushib qolgani, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar talabga javob bermasligini bildirdilar.

Partiya yetakchisi saylovchilarni qiynayotgan muammolar – bandlik, yer kadastri, gaz, ichimlik suvi, yo‘l va boshqa masalalarni o‘rgandi, murojaatlarning salmoqli qismi shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, vaqt talab qiladigan muammolar nazoratga olindi.

“Mening joyim bor, ustaxonani ham o‘z kuchim bilan quraman, faqat  uskunalar xarid qilish uchun bankdan kredit olishda ishchi guruhidan ko‘mak so‘radim, – deydi tumandagi “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi tadbirkor Ibodat Ne’matova. – Partiya vakillari bu masalada bank rahbarlari bilan maslahatlashib, masalaga yechim topdi. Bundan men juda xursand bo‘ldim”.

Shuningdek, “Mohmirza” fermer xo‘jaligi rahbari Bozorgul Karimova chorva mollari boqish uchun yaylovlar qisqarib borayotgani, tibbiyot kollejini bitirgan Mehriniso Namozova ish topishda qiynalayotgani va Sabohat Bozorova uzoq yillardan buyon farzandlariga aliment puli ololmayotgani va shu kabi boshqa bir qator fuqarolardan tushgan murojaatlar joyida o‘rganilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Ta’kidlash o‘rinliki, salomatlik insonning eng qimmat boyligi hisoblanadi. Shu bois oxirgi uch yilda Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yuksaltirish borasida izchil islohotlar amalga oshirildi. Nafaqat shahar va tuman markazlarida, balki chekka qishloqlarda ham zamonaviy tibbiyot muassasalari barpo etilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

A.Xaitov boshchiligidagi bir guruh deputatlar shu kuni Dehqonobod tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishdi, bu yerda bemorlar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.

Shifokorlar bilan muloqotda malakali shifokorlar yetishmasligi, “Beliboyli” va “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inlarida qishloq vrachlik punktlari yo‘qligi  tufayli  aholi uzoq masofaga qatnab, kasallikka tashhis qo‘yish va davolanish uchun sarson bo‘layotgani qayd etildi. Deputatlar tomonidan bu kabi masalalar chuqur o‘rganilib, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Xaitov rahbarligida tumandagi eng og‘ir, eng chekka hududlarga chiqib, mahallama-mahalla, uyma-uy yurdi. O‘z tomorqasida issiqxona tashkil etib, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga zarur tavsiyalar, maslahatlar berdi.

 

 

 

Kiritildi: 19:15 20.02.2020. O'qildi: 2483 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!