Hozirda O‘zbekiston hududi sovuq antisiklon ta’sirida bo‘lgani sababli inversiya hodisasi kuchayib, havodagi mayda zarrachalarning muallaq holda to‘planib qolishi kuzatilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, mazkur holat tabiiy meteorologik jarayon bo‘lib, havoning tozalanish tezligini pasaytiradi. 29 noyabrdan boshlab antisiklon ta’siri yanada kuchayib, atmosfera bosimi oshmoqda va havo harorati pasaymoqda. Natijada kechasi sovuq, kunduzi esa kuchsiz iliq ob-havo kuzatilmoqda. Shu bilan birga, bunday sharoitda ertalabki tumanlar paydo bo‘lish ehtimoli yuqori.
"Hozirgi vaqtda O‘zbekiston sovuq antisiklon ta’sirida bo‘lganligi sababli inversiya hodisasi kuchayib, havodagi mayda zarrachalarning muallaq holda yig‘ilib qolishi qayd etilmoqda. Mazkur holat tabiiy meteorologik jarayon bo‘lib, havoning tozalanish tezligini pasaytiradi", - deyilgan xabarda.
Shuningdek, maxsus komissiya tuzgan ishchi guruh atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgan manbalarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlarini davom ettirayotgani qayd etilgan.