Bugun 26 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

«Sovchimi yoki alamzada?..»

A A A
«Sovchimi yoki alamzada?..»

— Assalomu alaykum, sirdoshim. Kuni kecha eshigimni qattiq yopgan qo‘shnilar bugun ostonamni supurgani kelib turibdi. Balki, barcha alamlarini qizimdan olar, deb o‘ylab, sovchilarga rad javobini berdik.

Biroq qizimning mung‘ayib qolganini ko‘rib, yigit qurg‘urda ko‘ngli bor, shekilli, deb o‘yladim. Olti-etti yillar oldin arzimagan latta-puttaning ustidan sen-menga borgan devor-darmiyon qo‘shnim qizimni so‘rab kelibdi. Stol atrofida ayollar bilan suhbatlashib o‘tiribmanu, qo‘shnimning ko‘rsatgan xurmacha qiliqlari ko‘z o‘ngimda tasmadek o‘tdi. O‘shanda o‘g‘limni uylantirayotgan edim. To‘yda uy egasi shoshib qolar ekan, kim keldi, kim ketdi, kimni kuzatdi, xullas, boshi gangib, hech nimani eslolmay qolar ekan bunday tala-to‘pda. Shu qatorda qo‘shnilarning «to‘y qulluq bo‘lsin»ga kelganini ham payqamay qolibman. Bir vaqt tumonat odamning ichida bir qo‘shnim ovozini yuqori pardada sozlab: «To‘yga kelgan mehmonni bundoq to‘rga tortmaydimi mezbon degan?  O‘zingizni ko‘rmaganlikka olib turishingizga o‘laymi yana! To‘yga chaqirishdan maqsadingiz mana bu yig‘iladigan pulmidi? Mana, o‘sha pul! Omin, suf sendek qo‘shniga», dediyu, eshikni qarsillatib yopib ketdi.

Qarindoshlarim, tanish-bilishlarimning oldida shunaqa izza bo‘ldimki, hatto bazm ham tatimadi. Shundan so‘ng qo‘shnim bilan munosabatlarimizga darz ketdi. Gaplashmay ham qo‘ygandik. Bugungi ishdan esa boshim qotgan. Xatolarini anglab, o‘g‘lining ko‘ngli uchun g‘ururidan kechib kelgan bo‘lsa, hech ikkilanmay qizimni kelinlikka berardim, biroq ichidagi g‘azabi urchib, bor alamini qizimdan olish uchun so‘rab kelgan bo‘lsa-chi? Maslahat bering, nima qilsam bo‘ladi?

…12-89 abonenti

Hordiq.uz

Kiritildi: 17:18 12.07.2018. O'qildi: 1853 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik