Soliq qo‘mitasi Axborot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘mita "DavrOn" deb nomlangan virtual yordamchini ishga tushirdi. U ai.soliq.uz manzilida joylashgan.
"DavrOn" – samimiy va professional maslahatchi sifatida soliq va soliqqa tortish masalalarida ma’lumotlar hamda personal maslahatlar bera oladi, o‘zbek, rus va ingliz tillarida samimiy muloqot qila oladi.
Mazkur yordamchi 3 oy davomida yaratildi, uni takomillashtirish jarayoni uzluksiz davom ettiriladi. Shu maqsadda Soliq kodeksi, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari, me’yoriy hujjatlar va yo‘riqnomalar, shuningdek, soliq organlarining call-markaziga kelib tushayotgan onlayn-NKT, EHF, elektron raqamli imzo, elektron hisobotlar, markirovka va boshqa xizmatlarga oid savollarga javoblarni o‘z ichiga olgan 11 mln belgidan iborat bilimlar bazasi qamrab olindi.