Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Sirdaryoda uyi zarar ko‘rmaganlar ham 40 mln so‘m undirmoqchimi?

Sirdaryoda uyi zarar ko‘rmaganlar ham 40 mln so‘m undirmoqchimi?

Hozirgi axborot davrida ayrim qo‘shtirnoq ichidagi ijtimoiy tarmoqlar tomonidan fuqarolarni muammolarini hal qilishda amaliy yordam beramiz deb axborot yig‘ish, bir tomonlama o‘rganilgan asossiz ma’lumotlarni tarqatish holatlari ko‘p uchramoqda. Jumladan, kuni kecha "BBC Uzbek you tube" kanalida tarqalgan mana bu xabarni misol keltirishimiz mumkin.

Ana shunday xabarlardan birida “Nega men 40 millionga haqli emasman?” Saida Rahmatova toshqin uyiga jiddiy zarar yetkazgani, ammo mahalliy mas’ullar “sening uying yaroqli”, deya uni yordamga muhtojlar ro‘yxatiga qo‘shmayotganini ma’lum qiladi. “To‘g‘ri, 1-sovxoz, Uchtomdagidek uyimiz qulab ketmagan, lekin hamma joy qulab ketgan. Og‘ilxona, molxona, devorlar qulab ketgan, pollarimiz cho‘kib ketgan”, deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda. Rahmatovaning so‘zlariga ko‘ra, uyiga jiddiy zarar yetmagan ayrim “cho‘ntagi baquvvat” qo‘shnilariga yordam puli ajratilgan. “Sening uying qulamagan, deydi. Mana, yonimizda fermer – ikka-uchtalab mashinasi bor odam olgan. Ikki metr devori qulagan. Ko‘rib ketishlaring mumkin”. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari uyini kelib ko‘rib, oilaning yordam muhtoj ekanligini e’tirof etib ketgan bo‘lsa ham, mahalliy hokimlik bunday fikrlarni inobatga olmayotganini iddao qiladi" deya keltirilgan.

Ayni sarlavhadagi kabi mazmundagi xabarlar bu kabi ijtimoiy tarmoqlarning tegirmoniga suv quyayotgani va tom ma’noda quroliga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Dono xalqimizni bir naqli bor "do‘ppini olib o‘ylash kerak" bu xaqiqatmi yo bo‘xtonmi?

Shu o‘rinda Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan oqilona siyosat natijasida, suv toshqini talofatlari zudlik bilan bartaraf etilgani, talofat ko‘rgan har bir xonadonga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganligi, qisqa fursatlarda aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari olib borilayotganligini dunyo hamjamiyati ham e’tirof etayotganligini ta’kidlash joiz.

Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan demokratik jamiyatni so‘z va axborot erkinligisiz tasavvur etib bo‘lmasligini e’tirof etgan holda, yuqoridagi kabi video, audio va matn shaklidagi xabarlarni o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida urchitayotganlarga quyidagilarni eslatib o‘tmoqchimiz:

Jurnalist betaraf bo‘lishi, voqea-hodisalarni xolisona va haqqoniy yoritishi, muomala madaniyati va ochiqlik tamoyillariga amal qilishi, o‘z kasb majburiyatlarini bajarishda axborot olishning qonunga zid usullaridan foydalanmasligi (qo‘rqitish, ta’magirlik, tovlamachilik, ig‘vogarlik, mukofot va’da qilish yoki odob-axloq normalariga zid boshqa usullardan foydalanish), shuningdek o‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlari yo‘lida foydalanmasligi, har qanday sharoitda ham yolg‘on axborot e’lon qilmasligi, dalillarni buzib ko‘rsatmasligi va ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni ataylab yashirmasligi, o‘zi tarqatayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish jurnalistning majburiyatidir.

Afsuski jurnalist kasb etikasining ushbu me’yorlariga deyarli amal qilayotgani yo‘q. Bundan qanday xulosaga kelishimiz mumkin. Bu yerda bizni tinch osoyishta hayotimizni, mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarni, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘layotganligini ko‘ra olmayotgan uchunchi tomon borligini unutmasligimiz lozim.

Sirdaryo viloyati Sardoba suv ombori toshqinida talofat ko‘rgan Oqoltin tumani “Ahillik” mahalla fuqoralar yig‘inidagi mavjud uy-joylarni suv toshqinidan keyingi holatini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha tuman Kengashining 8/32-06 sonli qarori asosida Oqoltin tuman hokimi o‘rinbosari O.Abdullayev rahbarligidagi tuman Kengashi deputatlari, tuman moliya, kadastr va bandlikka ko‘maklashish markazi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan “Mirzacho‘l” ko‘chasidagi 14 ta xonadon, “Tutzor” ko‘chasidagi 3 ta xonadon, “Birlashgan” ko‘chasidagi 13 ta xonadon, “Tiklanish” ko‘chasidagi 4 ta xonadon, “Birlik” ko‘chasidagi 3 ta xonadon, “Xaloskor” ko‘chasidagi 1 ta xonadon qayta xatlovdan o‘tkazilib o‘rganilganda, ushbu xonadonlarga toshqin natijasida xonadonlarning tomorqasiga suv kirgan bo‘lsada zarar ko‘rmaganligi, fuqarolar tomonidan zarar ko‘rmagan bo‘lsada 40 mln so‘mlik sertifikat talab qilishayotganligi aniqlandi. Ishchi guruhi hamda mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra ushbu xonadonlar talofat ko‘rmagan deb topilgan.

Jamolova Shaxnoza xonadoni. Ushbu xonadon ishchi guruhi tomonidan o‘rganilganda, xonadon egasi Jamolova Shaxnoza suv toshqinidan 15 kun o‘tib, ya’ni joriy yilning 16 may kuni qurilishi bitmagan xonadonga 40 mln so‘mlik sertifikat undirish maqsadida kelib joylashadi, bundan maqsad qurilish ishlarini yakuniga yetkazib olib, o‘zining moddiy manfaatini ko‘zlagan.

Bu kabi holat Raxmatova Saida xonadonida ham kuzatildi. Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan surishtiruvga ko‘ra ushbu devor toshqindan ancha oldin ham shunday holatda bo‘lganligini qo‘shnilari ham tasdiqlashdi.

Ta’kidlash joizki ushbu oilalar davlatimiz tomonidan doimiy e’tiborda bo‘lib, moddiy ko‘mak olib kelganiga qaramay o‘zi ishonch bildirib saylagan mahalla raisini, g‘amho‘rlik ko‘rsatib kelgan mahalliy hokimiyatni yomon otliqqa chiqarayotganligini nima bilan izohlash mumkin.

Boqimandalik kayfiyati vujudimizga o‘rnashib qolmaganmikan? Ba’zi fuqarolarimiz hammasiga mas’ul rahbarlarni ayblashga o‘rganib qolgan. Barcha muammolarni «tepadagilar» hal qilib berishi kerakdek, go‘yo.

Ushbu masalalar Sirdaryo telekanali ijodkorlari tomonidan tasvirga olish ishlari davomida yanada oydinlik kiritilib, ayrim nopok insonlarning asl maqsadi davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lardan shaxsiy ehtiyoj yo‘lida foydalanib qolish ekanliklari to‘liq o‘z isbotini topdi. 

https://m.facebook.com/groups/649483048588031?view=permalink&id=1448517248684603&sfnsn=mo&d=n&vh=i

VVS tomonidan bu bo‘yicha e’lon qilingan maqoladagi videolavhalar ham eski holatdagi tasvirlar bo‘lib, mazkur holatda ushbu OAVni muhbiri hozirgi holatni joyiga borib haqiqiy tavsirlarni taqdim etmasdan, ob’ektiv yondoshmaganligi o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldi.

Bundan yaqqol ko‘rinib turibdiki, vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatish uchun eski tasvirlardan foydalanilgan. Shu orqali muxbir tomonidan asl holat tasvirlanmasdan, yolg‘on ma’lumotlar yoritilgan.

Sardoba suv toshqinida shuni guvohi bo‘ldikki muhtaram Prezidentimiz atrofida butun xalqimiz birlashdi, o‘zbek xalqidek bir-biriga suyanchiq, yelkadosh, og‘ir kunida koriga yaraydigan xalq ekanligimizni yana bir bor isbotladik.

Guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi mana bunday shukronalik kayfiyatidan yiroq bo‘lgan fuqarolarimizning uchrayotgani kishining dilini xira qiladi. Xulosa qilish o‘zingizdan...

Sirdaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati

Kiritildi: 13:48 14.06.2020. O'qildi: 2674 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!