Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Sirdaryoda 23 nafar bog‘cha bolasi ovqatdan zaharlandi

Sirdaryoda 23 nafar bog‘cha bolasi ovqatdan zaharlandi

Joriy yilning 18-19 iyun kunlari Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 21-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining 23 nafar tarbiyalanuvchisi, 1 nafar tarbiyachisi hamda 1 nafar hamshirasi tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qayd qilish, ich ketishi, qorin sohasida og‘riq kabi kasallik belgilari bilan Boyovut tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga “o‘tkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisiga gumon qilinib yotqizilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining xabar berishicha, dastlabki epidemiologik surishturuvlar jarayonida mazkur muassasa ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani, 17 iyun kuni toza ichimlik suvi tashib keltirilmagani natijasida bog‘chaning sanitariya-gigiyena qoidalari holati qoniqarsizligi, shuningdek, bolalar qaynatilmagan suv ichgani hamda bog‘cha hududidagi mavjud o‘rikzordan o‘rik mevasini yaxshi yuvmasdan yegani oqibatida kasallik kelib chiqqani taxmin qilinmoqda. O‘rganish va laboratoriya  tekshirish ishlari davom etmoqda.

Bemorlarning ahvoli o‘rta va yengil og‘irlikda, shifoxonada dori- darmonlar yetarli miqdorda, ularga kerakli  barcha tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti, Virusologiya ilmiy tekshirish insitituti hamda Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining bir guruh tajribali mutaxassislari mazkur holatni joyiga chiqib o‘rganish, amalga oshirilayotgan davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, mahalliy shifokorlarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun safarbar etildi.

Ushbu vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan  nazoratga olingan.

Qalampir.uz

Kiritildi: 15:50 19.06.2019. O'qildi: 1164 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!