Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Shukronalikka undovchi spektakl

A A A
Shukronalikka undovchi spektakl

O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi YO.Ahmedov, O‘zbekiston xalq artisti R.Ibrohimova, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri direktori R.Rajabov mamlakatimizda milliy teatr san’ati ravnaqi yo‘lida ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor soha ijodkorlarini yanada ko‘proq izlanishga undayotganini ta’kidladi.

2018-2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq teatrlar binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash hamda jihozlash bo‘yicha tegishli amaliy chora-tadbirlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida ham kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, teatr jamoasi ijodiy izlanishdan sira to‘xtamayapti. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda teatr o‘z repertuaridagi eng sara sahna asarlarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etmoqda.

Atoqli adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab sahnalashtirilgan "Momo yer" spektaklini shunday ijodiy izlanishlar samarasi deyish mumkin.

...Qorong‘u sahna. Odmigina teatr dekorasiyalari oddiy xonadon sohiblarining hayotidan so‘zlaydi. Spektakl asarning bosh qahramoni To‘lg‘anoyning yer bilan ramziy, ayni chog‘da samimiy, insoniy suhbatidan boshlanadi. Ikkinchi jahon urushi tufayli yaqinlaridan judo bo‘lgan To‘lg‘anoy hamda uning kelini Alimanning boshiga tushgan kulfatu azoblar hech bir tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Inson sabr-bardoshi, matonati, qat’iyati haqida hikoya qiluvchi ushbu spektakl tinch va osoyishta, farovon va saodatli kunlarimizning qadriga yetishga, bir-birimizni, yaqinlarimizni avaylashga, mudom shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga chorlashi bilan ahamiyatlidir.

Rejissyor Nigora G‘oyibnazarova sahnalashtirgan ushbu spektaklda asosiy rollarni Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining Mavluda Mamatillaoxunova, Ibrohim Qosimov, Behzod Mirsaitov, G‘ayrat Bozorov, Husan Musurmonqulov, Dilorom Mirsoliyeva singari aktyorlari ijro etmoqda.

Manba: uza.uz

Kiritildi: 06:30 13.09.2018. O'qildi: 1291 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik