AQSh transport vaziri Shon Daffi hukumat faoliyati to‘xtab qolishi davom etayotgan bir paytda mamlakat havo hududi butunlay yopilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Vazirning ta’kidlashicha, hukumatdagi moliyaviy cheklovlar kuchayib borayotgani sababli, agar vaziyat xavf darajasiga yetgan deb baholansa, barcha xalqaro va ichki aviaqatnovlar vaqtincha bekor qilinishi ehtimoldan xoli emas.
Ma’lumot uchun, tasdiqlangan byudjet yo‘qligi sababli 1-oktabrdan boshlab AQSh hukumati ish faoliyatini qisman to‘xtatdi. Natijada 1,4 milliondan ortiq davlat xizmatchisi vaqtinchalik ishsiz qoldi yoki maosh olmasdan ishlashga majbur bo‘lmoqda.
Ushbu vaziyat mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan hukumat “shatdauni”lardan biri bo‘lib, davomiyligi bo‘yicha 2018–2019 yillardagi 35 kunlik to‘xtashdan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi.
Mumkin bo‘lgan havo hududining yopilishi nafaqat ichki aviaqatnovlarga, balki xalqaro parvozlar, fuqarolar tashish tizimi va iqtisodiy faoliyatga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.