Turkiya Superligasining 2-turida "Bashakshehir" safarda "Trabzonspor" bilan kuch sinashib, 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Istanbul klubi safidagi ikki o‘zbekistonlik futbolchi — Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda boshladi.
Trabzondagi bahs mezbonlar uchun omadli boshlandi. 8-daqiqada Saloh "Bashakshehir" darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
Oradan 11 daqiqa o‘tib, mehmonlar muvozanatni tikladi. "Bashakshehir" foydasiga belgilangan penaltini Eldor Shomurodov aniq amalga oshirib, hisobni 1:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan "Trabzonspor" yana oldinga chiqib oldi. 48-daqiqada Saloh ikkinchi bor gol urib, dublini rasmiylashtirdi. Bu gol uchrashuvda hal qiluvchi bo‘ldi — 2:1.
Shu tariqa, Shomurodovning goli "Bashakshehir"ga safardan ochko olib qaytish uchun yetarli bo‘lmadi. "Trabzonspor" ikki turdan so‘ng ochkolari sonini 4 taga yetkazgan bo‘lsa, Istanbul klubi 3 ochkoda qoldi.
Turkiya Superligasi. 2-tur
"Trabzonspor" — "Bashakshehir" — 2:1
Gollar: Saloh (8, 48) — Shomurodov (19, penalti).