AQSh Venesuyelada amalga oshirgan operasiya fonida Shimoliy Koreya gipertovushli raketalarni sinovdan o‘tkazdi.
Koreya Markaziy axborot agentligining xabar berishicha, 4 yanvar kuni Koreya Xalq Demokratik Respublikasi gipertovushli raketalarni uchirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazgan.
Agentlik bayonotiga ko‘ra, mashg‘ulotlar Ryokpxo hududidan amalga oshirilgan. Raketalar Yapon dengizi akvatoriyasida ming kilometr masofadagi nishonlarni urib tushirgan. KXDR yetakchisi Kim Chen In mashg‘ulotlarni shaxsan kuzatgan.
"Biz harbiy vositalarni, avvalo hujumkor qurol tizimlarini izchil ravishda takomillashtirib borishimiz kerak. Bu o‘zimizni himoya qilishimiz uchun zarur chora. Bunday faoliyat yadroviy tiyib turish salohiyatimizni bosqichma-bosqich yuqori rivojlanish darajasiga yetkazishga qaratilgan. Buning zarurligini so‘nggi geosiyosiy inqiroz va murakkab xalqaro vaziyat ham tasdiqlamoqda", — deya Kim Chen Inning so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik.
Reuters'ning yozishicha, tahlilchilar Shimoliy Koreyaning raketa sinovlarini Pxenyanning AQSh tomonidan Venesuyelada amalga oshirilgan operasiyaga doir xavotiri bilan bog‘lamoqda.