Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Shim kiygan qizni kelin qilmayman

A A A
Shim kiygan qizni kelin qilmayman

Bir tanishim o‘g‘il uylantirish tashvishiga tushdi. Bir kuni ko‘rib, «kelin topildimi?» desam, hasrat qildi: «Qurib ketsin, tanlab-tanlab bittasini ma’qul ko‘rgandim. E, shim kiyar ekan! Bo‘lmaydi, dedim!» «Shim kiygani uchun ham kelin qilmayapsizmi?» so‘radim qiziqib. «Shim kiyadigan zaifa oilasidagi erkaklar bilan teng bo‘lishga intiladi, ayollarga xos ko‘pgina fazilatlarni chetlab o‘tgan bo‘ladi», dedi u. Tanishimning bu falsafasi meni ancha o‘ylantirdi va ushbu mavzuni qalamga olishimga turtki bo‘ldi.

Faqat o‘zingiz uchun chiroyli bo‘lmang!

Shim sizga qulaylik vositasimi yoki modadan ortda qolmaganingizni ta’kidlab turuvchi dalilmi? Modaga qiziqsangiz, e’tibor bergandirsiz — ke­yingi paytlarda jahonga taniqli dizayner-modelyerlar ayollar garderobidan shimni olib tashlashdi. Buning o‘rniga nafis ko‘ylaklar, yubka-koftalarni taqdim etishmoqda.

Shim bir qarashda qulay — harakatlanish oson. Ammo aksariyat qiz-ayollarimiz sonlarining siqilib og‘rishi, o‘tirganlarida qovuqning qiyilib og‘rishini tan olishgan. Bu holatni ke­yingi yillarda urfga kirgan tor shimlar keltirib chiqarayapti. Ha, bu nomigagina shim, aslida kolgotka! Farqi — tovoni yo‘q, xolos. Bu libosni kiyganda jigar, buyrak hamda boshqa a’zolarning ezilib-siqilishi, terining nafas ololmasligi, tomirlarning zo‘riqishi va ularda qon aylanishining buzilishi ko‘p kuzatiladigan holat. Ayniqsa, turmush qurmagan yosh qizlarimiz va ona bo‘lishni istaydigan juvonlarimiz uchun bunday shimlar xatarning o‘zginasi! Hozir mushtday qizchalarimiz ham «modniy» bo‘lib yurishni istashadi. Ularning ko‘ngliga qaragan onalar kelajakda arzandalarining tos suyagi, jinsiy a’zolari va bachadonida paydo bo‘lgan kasalliklarni davolatish uchun bunaqa shimlarning yuz-ming narxi barobarida pul sarflab, yetkaza olmay yurishadi…

Shim kiymang, demaymiz. Kasbi taqozo etadiganlar yoki oyog‘ida nuqsoni borlar, sovuqqa tobi yo‘qlar uchun bu libos qulay. Oyog‘ingizga yopishmay, kenggina bo‘lib turgan shimni bo‘ksani yopib turadigan ko‘ylak-koftalar bilan kiysangiz juda yarashadi. Ko‘p ayol-qizlarimiz sovuq mavsumda shimga o‘tib olishadi. Axir, sotuvda qalin ko‘ylaklar, yubka-koftalar ko‘p, qo‘nji tizzadan ham baland etiklardan didingizga mosini xarid qilsangiz bo‘ladi. Yopishib turadigan shim, umuman, barcha liboslardan qishda sovuq o‘tadi, yozda terini havo bilan ta’minlamaydi.

Shu gaplardan keyin shimdan «ixlosingiz» qaytib, ko‘ylaklarga e’tibor qaratsangiz yaxshi. Ammo ko‘ylakning ko‘ylakdan farqi bor. Bu borada nasihatlarni davom ettirib, ensangizni battar qotirib o‘tirmaymiz-u, mashhur fransuz dizayner-modelyeri Koko Shanelning bir gapini keltirib o‘tamiz: «Ko‘ylak yoki yubka etagi tizzani yopib turishi kerak. Chunki ayolning gavdasidagi eng xunuk joy tizzadir!»

«Shimmi bu, gamashmi bu?..»

Taniqli rassomlar o‘z asarlarida erkaklarni keng yelka, to‘g‘ri bel va ingichka oyoqli qilib va shularni bo‘rttirib ko‘r­satuvchi liboslarda tasvirlashgan. Hozir shu tasvirlarga jon bitib, zamonamizga kirib kelganday…

«Avvallari ixcham, etagi bo‘ksani yopib turadigan futbolkalar bo‘­lardi, shu yozda turmush o‘rtog‘imga shunaqa futbolka olish uchun bozorni rosa aylandim. Ham­ma joyda tor, qo‘ling qi­mir­lasa, kindiging ochilib ketadigan futbolkalar sotuvda. O‘zim istagan futbolkani topa olmay qaytib ketdim, buna­qalarini turmush o‘rtog‘im, baribir, kiymaydi», deydi bir dugonam ku­yinib.

Eng­siz, etagi kalta, allambalo suratlar solingan futbolkalar, qizil-pushti, atlas ko‘ylaklar… Lekin hozir mavzumiz shim haqida, ayni damda erkaklar shimi haqida.

«Yigitlarimiz egnida…»

Shu o‘rinda yana bir voqeani keltirsam. Talabalik paytimda dugonam bilan shim olish uchun bozorga tushdik. Jinsi bozori bor ekan, aylanib yuribmiz. Bir payt men istagan rangdagi shimni ko‘rib, yugurib bordim. Sotuvchi iljayib qarab turibdi. «Nega tirjayadi?» deb hayronmiz. Bilsak, bu yerda erkaklar shimi sotilar ekan, men xaridor bo‘lgan shim ham… «O‘lsin, xuddi xotinlarnikiga o‘xsharkan», dedi dugonam kulib.

Yana o‘sha tor shim, shakl-shamoyi­li yaqqol bilinib turgan bo‘ksayu sonlar… Faqat bu safar yigitlarimiz egnida! Shim jonivorning son va boldir qismlari oqartirilganki, egasi yurganda tamanno qilayotganga o‘xshaydi.

Risoladagi kostyum-shim har qanday yoshdagi erkaklarimizga qanday yarashadi! Jentlmen! Juda jinsiga ishqiboz bo‘lsangiz, kengrog‘i ham topiladi. Sotuvchilar tovarni xaridorning talabiga qarab olib kelishadi. Qandaydir bir to‘da o‘arb taqlidchilarining ko‘ngliga qarab, siz ham tangu tor kiyinayapsizmi? Sizga o‘xshaganlar ko‘paysa, ular ham risoladagidek kiyinadigan bo‘lib qolisharmidi… Aytmoqchimizki, ko‘rganlaringizni yoppa ko‘chirib olmay, faqat yaxshi jihatlarini o‘zlashtiring.

Umumiy mulohaza

Insondagi mavjud kichkina «detal» ham uning butun borlig‘i, ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatishi aniq. Masalan, tuflingiz oyog‘ingizni siqayotgan bo‘lsa, ming ko‘rkam kiyinganingiz bilan kayfiyatingiz a’lo bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? Shuningdek, jamoat orasiga kirganingizda ularning so‘zsiz shunchaki qarashlari ham sizda muayyan xulosa uyg‘otadi: «Sochimga ajablanib qarashdi, turmagim yarashmabdi-da… Ko‘ylagim rostdan chiroyli, hammaning havasi keladi!»

Shunday ekan, «o‘zimga yoqsa bo‘ldi, o‘zgalar bilan ishim yo‘q», deb yurmang. Sizga faqat va faqat havas, mayli, ozgina hasad bilan qarashlariga intiling. Buning uchun oddiylik, sipolik, erkinlik, qulaylik va nafosatni o‘zlashtirib olsangiz, kifoya. Bilib qo‘ying, siz intiladigan moda olamining shiori: «Eng yaxshi moda — qulaylik va yarashiqlilik»dir!

Ko‘ylak, tufli, iliq pardoz, ixcham sumka va bejirim turmaklangan sochlarga ega ayol darhol erkaklar hurmatini qozonadi. Ular ayolni qo‘pol, boz ustiga ulardan «o‘zlashtirilgan» kiyimlarda, sovuq ranglarda, to‘zg‘igan sochlarda ko‘rishdan charchashgan. Ular uchun ayol chiroyli, mag‘rur va nafis kapalak. Ular ayoldagi sirlilikni, yashirin jozibani, mayinlikni qo‘msashmoqda.
Manba: zamin.uz

Kiritildi: 22:20 23.09.2018. O'qildi: 9168 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik